Farzandlarimiz xavfsizligi masalasida eʼtiborsizlik jinoyat deb baholanishi kerak — A.Qodirov
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining deputatlari tomonidan joylarda umumtaʼlim muassasalarini epidemiologik murakkab vaziyatda ochish uchun tayyorlik darajasini oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar kengashi deputatlari Yunusobod, Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ayrim umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi aniqlangan quyidagi kamchiliklar boʻyicha kengashga xulosa kiritishga tayyorgarlik koʻrmoqdalar.
— Hokimliklarga maktablarni dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlash vazifasi yuklatilgan. Oʻrganish natijalariga koʻra, ushbu topshiriq maktab direktorlari, oʻqituvchilar va homiylar zimmasiga yuklanmoqda;
— Tuman SES markazlari tomonidan maktablarda oʻrganishlar olib borilmayapti. Koʻp maktablarda tibbiyot xonalari va izolyatorlar jihozlanmagan. Hamshiralar va shifokorlar biriktirilmagan;
— Maktablarda kirish yoʻlaklari tashkil etilmagan, yoʻnalish sxemalari chizilmagan, sinfxonalarda ijtimoiy masofa saqlash boʻyicha koʻrsatmalar talab darajasida tashkil etilmagan;
— Anʼanaviy rejimda oʻqish istagini bildirganlar koʻp. Maktablardagi koʻp sinf xonalari karantin talablariga moslanmagan;
— Oʻqituvchilar va maktab xodimlarini COVID-19 testidan oʻtkazish ishlari yakuniga yetkazilmagan;
— Tibbiy niqoblarni utilizatsiya qilish uchun alohida urnalar bilan taʼminlanmagan.
Oʻrganishlar barcha hududlardagi deputatlarimiz tomonidan olib borilmoqda.Farzandlarimiz xavfsizligi masalasida eʼtiborsizlik jinoyat deb baholanishi kerak.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Markaziy kengashi raisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring