“Farhod“ bozoridagi avtomobil ehtiyot qismlari rastasi yana yopildi! Mutasaddilar nima deydi?

20:12 11 May 2020 Jamiyat
1160 0

Avvalroq Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan Farhod avtomobil ehtiyot qismlari bozori ichidagi barcha xodimlari bilan yopilgani, tadbirkorlarning birida yuqori tana harorati kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Natijada, aholi orasida ushbu hududdan ham koronavirus kasalligiga chalingan shaxs aniqlangani haqidagi taxminlar paydo boʻldi. Ushbu rastalar joylashgan Toshkent shahri Uchtepa tumani hokimligi oʻz rasmiy kanallari orqali vaziyatni izohladi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda “Farhod” bozoridagi ehtiyot qismlar rastalari tadbirkorlardan birida yuqori harorat kuzatilgani tufayli yopilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuni maʼlum qilamizki, savdo rastalari maʼmuriyati tomonidan “Tozalik kuni” eʼlon qilingan va ayni vaqtda doʻkonlar sanitar normalar talablari muvofiq tayyorlanishi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Bu ishlar yakunlanishi bilan ehtiyot qismlar rastalaridagi doʻkonlar oʻz ishini boshlaydi”, deyiladi munosabatda.

Shundan keyin Toshkent shahar IIBB ham bozor nima sababdan yopilganini maʼlum qildi.

“Farhod avtomobil ehtiyot qismlari bozori dezinfeksiya qilish va savdo joylarini sanitariya-epidemiologiya meʼyorlariga muvofiqlashtirilishi uchun yopilgan. Tadbirkorlardan birining isitmasi borligi haqida tarqagan maʼlumot haqiqatga toʻgʻri kelmaydi“.

Vaziyatga Sogʻliq saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi masʼuli Furqat Sanayev ham oydinlik kiritdi:

“Bozor ichida kimningdir harorati koʻtarilgani haqidagi maʼlumotlar haqqoniy emas. Aksincha, bozorga kirishda oʻrnatilgan tekshiruvlar davomida bir fuqaroda yuqori harorat aniqlangan va u darhol izolyatsiyaga olingan. Har ehtimolga qarshi rastalarda ham dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda va ularning yakuniga koʻra bozor ishga tushadi”.

Qayd etilishicha, ehtiyot qismlar bozorida har bir savdo joyi tegishli dezinfeksiya anjomlari bilan jihozlangandan soʻng bozor oʻz ishini davom ettiradi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер