Fargʻonalik tadbirkor tibbiyot universitetini ochdi
Foto: Xalq so‘zi
Ayni paytda Fargʻona viloyatida 12 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ayni jarayonda xorijiy hamkorlik koʻlami ham tobora kengayib bormoqda.
Oʻtgan hafta viloyatda yana bir yangi taʼlim dargohi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Fargʻona shahrida ish boshlagan xalqaro tibbiy oliygoh – Central Asian Medical University (Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti) rasmiy ochilish marosimida viloyatda bu sohada erishilayotgan yutuqlar alohida eʼtirof etildi.

Nurillo Mamasodiqov rahbarligidagi tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida 10 ta zamonaviy klinika tarmogʻiga ega “Meridian Diagnostic Hospital” MCHJ muassisligida amalga oshirilgan ushbu loyiha uchun tadbirkorning oʻz mablagʻlari hisobidan 128 milliard soʻm sarflandi.
— Hozirgi kunda viloyatda xususiy tibbiy xizmat jadal rivojlanib, malakali va raqbobatbardosh kadrlarga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda, — deydi tadbirkor N. Mamasodiqov. — Universitetda oʻquv va amaliyot jarayonlarini oʻzaro uygʻunlashtirish, talabalarning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini jahon andozalari darajasida shakllantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganmiz. Shu maqsadda Fargʻonada eng murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazish sohasida Hindistonning dunyoga mashhur klinkalari tarmogʻi tashkil etilyapti.
Dastlabki oʻquv yilida universitetning davolash ishi, stomatalogiya va pediatriya fakultetlariga 600 nafar talaba oʻqishga qabul qilindi. Kelgusi oʻquv yilidan qabul kvotasini 1500 taga oshirish koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun. Yaqin vaqt ichida viloyatda yana bir taʼlim dargohi — Qoʻqon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etilishi rejalashtirilayotir.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring