Fargʻonadagi maktablarda issiqlik taʼminoti barqarormi?
Xabaringiz bor, mamlakatimizda ob-havo keskin sovib ketishi natijasida barcha turdagi taʼlim muassasalarida qishki taʼtil maʼlum muddatga choʻzildi. Shu haftadan eʼtiboran respublikamiz hududlaridagi bilim dargohlarida oʻquv jarayonlari birin-ketin boshlab yuborildi.

Yurtimizda anomal sovuq chekinib, havo harorati ancha iligan boʻlsada, hali ham qish-qirovli kunlar ortda qolgani yoʻq. Xoʻsh, shunday sharoitda maktablarda oʻqishlar bir maromda davom etishi uchun issiqlik taʼminoti barqarormi? Tabiiy gaz va koʻmir taʼminotida uzilishlar kuzatilmayaptimi?
Shu savolga javob topish maqsadida Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida boʻldik.
Mazkur tumandagi umumtaʼlim muassasalarida ham isitish tizimidagi muammolar hal etilib, hafta boshidan dars mashgʻulotlariga qizgʻin kirishilgan. Bu yerdagi qator maktablarda boʻlib, oʻquv binolarida issiqlikni bir meʼyorda saqlab turish maqsadida barcha chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini koʻrdik.
Maʼlumotga koʻra, tumandagi 51 ta umumtaʼlim maktabida joriy yil 24-yanvar holatiga 12 ming tonnaga yaqin koʻmir zaxirasi mavjud. Maktab binolarining deraza va eshiklari yangidan plyonka bilan qoplangan.

Hozirgi kunda tumandagi 3-umumtaʼlim maktabida 9 ta isitish qozoni soz holatda ishlamoqda. Sinfxonalar issiq, oʻquvchilar, aytish mumkinki, sovuqdan junjikmay tahsil olmoqda. Xuddi shunday, 49-umumtaʼlim maktabida ham 5 ta isitish qozoni toʻliq ishlayapti. Maktabda isitish tizimida muammolar yuzaga kelmasligi uchun zaruriy choralar koʻrilmoqda.
Toshloq tumani hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, barcha taʼlim muassasalarining issiqlik tizimi barqaror ishlashi boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Bu boradagi har qanday muammo hududiy shtablar orqali tezkor ravishda oʻrganilishi va hal etilishiga erishilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring