Fargʻonada Yangi yil shukuhi: koʻcha sayillari, bozorlarda arzonlashtirilgan yarmarkalar...

14:05 12 Dekabr 2025 Jamiyat
379 0

Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida Yangi yilni munosib kutib olish uchun jiddiy taraddud koʻrilmoqda.

​

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan barcha shahar-tumanlar dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilib, kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari, Yangi yil sovgʻalari savdosi yoʻlga qoʻyildi. Yarmarkada fermer va dehqon xoʻjaliklari, aholi tomorqasida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, qandolat, baliq, parranda va goʻsht mahsulotlari, shirinliklar, uy-roʻzgʻor buyumlari, umuman olganda, bayram dasturxoni uchun kerak boʻladigan keng assortimentdagi barcha mahsulotlarni bozordagidan arzon narxda sotib olish mumkin.

​

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida savdo yarmarkalari bozorlarning kiraverish hududida joylashtirilgan. Bozorlar maʼmuriyati tomonidan esa muhim oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasi yetarli miqdorda shakllantirildi.

Shuningdek, aholiga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida viloyat boʻylab ommaviy sayillar boshlandi. Shahar-tumanlar markazi, aholi gavjum hududlarda Yangi yil archasi yasatilib, turli tomoshalar yoʻlga qoʻyildi.

​

Fargʻona shahri va viloyatning barcha shahar-tumanlar markazlari markaziy koʻchalarida qorbobo va qorqizlar, sevimli ertak qahramonlari ishtirokida sayllar uyushtirilmoqda.

—Viloyat markazida Ahmad Fargʻoniy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyi, Ekoshaharda ulkan archalar oʻrnatilib, kun boʻyi va oqshomda qiziqarli tomoshalar boʻlib oʻtmoqda,—deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Salima Sultonova.—Bu tadbirlarda farzand va nabiralar, yaqin qarindoshlar bilan ishtirok etib, olam-olam taassurotlarga ega boʻldik.

​

Aytish joiz, Yangi yil tomoshalari doirasida viloyatdagi 5 ta teatr ijodiy jamoasi, shahar-tuman madaniyat boʻlimlari tomonidan ham maxsus dasturlar tayyorlangan. Shu tariqa ushbu tomoshalar yangi yilning ilk kunlari – oʻquvchilarning qishki taʼtili davrida ham davom etadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер