Fargʻonada “Ustozlar milliy forumi” boʻlib oʻtmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahrida “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida anʼanaviy III “Ustozlar milliy forumi” boʻlib oʻtmoqda.
Forumga shahar-tumanlardan 400 nafar oʻqituvchilar jalb etilgan boʻlib, shoʻbalarga boʻlingan holda mahorat darslari, oʻzaro tajriba almashish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, tadbir doirasida viloyatdagi soha masʼullari ishtirokida oʻqituvchilarga yangi oʻquv yili oldidan uslubiy qoʻllanmalar va amaliyotga joriy etilgan yangiliklar tushuntirilmoqda.
— Taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini zamonaviy mezonlar asosida amalga oshirish, oʻquvchilar bilimini jahon andozalari darajasida yuksaltirish, oʻz navbatida yangi avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash ustuvor vazifa sifatida belgilangan, — deydi Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov. — Bu borada viloyat delegatsiyasi bir necha marotaba Yaponiya taʼlim tizimi tajribasini oʻrganib keldi. Hozirda viloyatdagi 19 ta maktabda oʻquvchilarga yapon taʼlim tizimi tajribasi boʻyicha taʼlim-tarbiya berilmoqda. Ayni paytda viloyatda Singapur taʼlimi tajribasini ommalashtirish borasida ham amaliy saʼy-harakatlarga kirishildi.
Aytish joiz, Fargʻona viloyatida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonida Investitsiya dasturi doirasida 52 ta umumtaʼlim maktablarida taʼmirlash ishlari bajarilib, 3 ta yangi maktab qurilishi, 8 ta bilim dargohi mukammal taʼmirdan chiqarilishi hamda 41 tasi rekonstruksiya qilinishi koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, joriy oʻquv yilida 1- sinfga qabul qilinayotgan 75 ming nafardan ziyod oʻgʻil-qizlarga Prezident sovgʻasi sifatida barcha turdagi oʻquv qurollari yetkazib berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring