Fargʻonada transmilliy jinoiy guruh aʼzolari qoʻlga olindi
Videodan kadr
Fargʻona Dangʻara tumanida transmilliy jinoiy guruh aʼzolari qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, IIV tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, DXX xodimlari hamkorligida viloyatning Dangʻara tumanida tezkor qidiruv tadbiri oʻtkazilgan. Natijada tuman hududida joylashgan dalalarning birida yashirib ketilgan 7 kilogramm “gashish”ni 44 va 31 yoshli shaxslar (muqaddam jinoyat kodeksining 109-moddasi bilan sudlangan) olgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, fuqarolardan biri 2024-yildan buyon qoʻshni respublikalar hududi orqali transmilliy jinoiy uyushma aʼzolari bilan hamkorlikda katta miqdordagi giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlar natijasida aniqlanishicha, “gashish” giyohvandlik vositasini jinoiy uyushma aʼzolardan biri kelishilgan geolokatsiyada qoldirib ketgan. Keyinchalik esa ushlangan shaxslar ushbu manzilga borib giyohvandlik vositasini qazib olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring