Fargʻonada “qoʻl”da benzin narxi oʻn mingga chiqdimi?
Maʼlumki, noyabr oyining oxirlarida respublikamiz viloyatlarida metan quyish shaxobchalarida navbatga turgan mashinalar kilometrlarga choʻzilib ketdi. Bu holat oddiy fuqarolar tomonidan havo sovishi bilan magistral quvurlarda gaz bosimining tushib ketishi bilan bogʻlasa, ayrimlar tabiiy gaz aholi xonadonlariga berilishi sabab tunda “metenzaprafkalari” ning ishlashiga ruxsat berilmayotganligi bilan izohlashmoqda. Haqiqatdan ham vodiy viloyatlarida metan quyish shaxobchalarining tongi 7:00 dan tungi 18:00 gacha ishlashiga ruxsat berilgan deyilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarning aksariyati bugungi kundagi shu holatlardan noroziliklar bilan bogʻliq.
Achinarli holat shundaki, metan quyish shaxobchalarida kuzatilayotgan bu holat bevosita boshqa sohalarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda.
– Mashinamga bir haftadan buyon “qoʻl”dan litrini 10 ming soʻmdan benzin quyyapman,- deydi Bagʻdod shaharchasida istiqomat qiluvchi Inomjon Usmonov. – Tasavvur qilyapsizmi 10 ming soʻm-a?! 7 soatlab keladigan metandagi navbatlarga esa vaqt yoʻq, tirikchilik qolib ketadi. Bir doʻstimning maslahati bilan kechadan buyon Toshkentga qatnovchi taksichilarga benzin “zakaz” qilyapmiz. Ilojimiz qancha, qimmat boʻlsa ham shaxobchalarda benzin boʻlsa quyamiz. Lekin qani oʻsha benzin? Fikrimcha, yaqinda poytaxtda ham metan shaxobchalari u yogʻida tursin men kabi iltimos qilganlarning hisobiga benzin quyish shaxobchalarida ham turna qator “ochered”lar yuzaga keladi. Bilasizmi, bu holatlar nimani bildiradi? Ming marta OAV,internet nashrlarida bong urganimiz bilan, har yili shu holat takrorlanaversa ham, ayni haqiqat shu - biz kuz-qish mavsumiga tayyor emasmiz. Bu achchiq haqiqat!
Erta tongdan ishga otlanarkansiz Fargʻonaning tuman va shaharlari yoʻl chetlarida oʻz manzillariga vaqtida yetib bora olmayotgan minglab fuqarolarni, talabalar, oʻquvchilar, oddiy ishchilarni koʻrasiz. Taksilar, avtobuslar, mikro avtobuslar allaqachon yoʻl kira haqlarini teng barobariga oshirib olgan.
–Rishton-Bagʻdod tumaniga damaslar 1500 soʻm edi. Har kuni oʻqishga qatnayman, –deydi Nilufar Qozoqova. – Bir hafta boʻldi. Yoʻl haqlari 3000 ming soʻmga “chiqib oldi”. Har doimgidek, metandagi ocheredlar, benzin, svet,gazning yoʻqligi kasofati oddiy xalq boʻyniga tushadi. Rishton-Fargʻona shahar yoʻnalishlari taksilari ham birdaniga 10 ming soʻmdan 20 ming soʻmga chiqib oldi. Ularning ham iloji qancha, “qoʻl”dan benzin quyishyapti. Metan quyish shaxobchalarida esa ularning umri oʻtib ketishi tayin. Odamlar ham boriga shukr qilib, taksi kamligi uchun darrov oʻtirib olishadi. Ayrim mashinasi bor qishloqdoshlarimiz allaqachon ulovlarini garajga olib kirib qoʻygan.
–Fargʻona shahrining Qirguli mavzesiga ketaverishdagi yoqilgʻi quyish shaxobchasi bir oydan beri tumonat odamlar bilan gavjum. Navbatingiz bir yarim ikki soatda keladi, –deydi Fargʻona shahri Beshbola mahalla fuqarolari yigʻinida istiqomat qiluvchi Aliqul ota Safoyev. -Oʻgʻlimning mashinasini minib chiqdim. Oʻzi taksida ishga ketdi. Men ularga yordam boʻlsin, deb benzinga navbatga turibman. Metan quyish navbatiga esa yaramayman. Nima qilardik... Doimgidek sabr qilamizda. Bu kunlar ham oʻtib ketar?!
Yoqilgʻi quyish shaxobchalaridagi navbatda turgan aholi benzin “zaprafka”larida terminallarning ishlamayotgani va faqat naqd pulga xizmat koʻrsatilayotganligini aytishmoqda. Bu esa bank kiraverishlaridagi bankomatlarda ham uzundan uzun navbatlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Bu kabi holatlarning yakuni bormikan? Beshbolalik Aliqul otaning aytganidek, nima qilardik... Doimgidek sabr qilamizda. Bu kunlar ham oʻtib ketar?!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring