Fargʻonada har bir daraxt “Yashil makon” onlayn platformasiga kiritilmoqda

12:54 24 Noyabr 2022 Jamiyat
668 0

Foto: Xalq so‘zi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oʻtgan yilning kuzi va bu yil bahor mavsumida Fargʻona viloyatida 15 million 291 ming tup iqlim sharoitiga mos pavloniya, lola, sadaqayragʻoch, kashtan, katalpa, eman, kabi suv kam talab qiladigan daraxt koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan edi. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi maʼlum qilishicha, ushbu reja oshigʻi bilan bajarilib, shahar va tumanlarda 22 milliondan ziyod mevali daraxt hamda buta qalamchalari oʻtqazildi.

— Ayni jarayonda yangi ekilayotgan va parvarishdagi har bir daraxt ekologiya davlat inspektorlari tomonidan “Yashil makon” elektron onlayn platformasiga kiritilmoqda, — deydi Fargʻona viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Toʻxtasinova. — Bu platformada daraxt koʻchatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, joylashuv lokatsiyasi, soni va fotofaktlari, sugʻorish tizimining holati hamda masʼullarga biriktirish tizimi qamrab olinadi. Yagona elektron baza har bir daraxtni raqamlashtirish orqali aniq hisob-kitob ishlarini yuritish imkonini beradi.

Shu tariqa har bir maʼlumot ekologiya mutaxassisi planshetida koʻrinib turadi. Mutaxassis maʼlumotlarni jamlaydi, umumlashtiradi va tasdiqlaydi. Misol uchun, tadbirkor yangi koʻp qavatli uy qurish niyatida boʻlsa, ekologiya mutaxassisi obyekt hududida mavjud daraxtlar haqida ushbu portal maʼlumotlari asosida holatni oʻrganadi. Bu tadbir kislorod manbai boʻlgan daraxtlarga nooʻrin zarar yetkazish va ularni nobud qilishdek huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер