Fargʻonada faol va fidoyilar ragʻbatlantirildi
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda muhim mezondir.
Bu borada amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar tufayli viloyatimizda ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyatini yana-da kengaytirishda quvonarli natijalarga erishilyapti.
2018-yili viloyatda 3 ming 780 ta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etilgan boʻlsa, 2020-yili pandemiya sharoitida boʻlishiga qaramay 8 mingdan ziyod subyektlar tashkil etilib, ularning soni qariyb 2,2 barobarga ortdi.
Shu yilning oʻzida yangi tashkil etilgan kichik biznes subyektlari hisobiga 14 mingdan koʻproq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Buning natijasida mahalliy byudjetga 10,3 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ jalb etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bir necha yillardan buyon mamlakatimizda tadbirkorlar, fermerlar hamda hunarmandlar oʻrtasida anʼanaviy “Tashabbus” koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinmoqda.
Pandemiya sharoitida karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish maqsadida “Tashabbus-2021” koʻrik-tanlovining tuman- shahar bosqichlari oʻtgan yillardan farqli ravishda onlayn tarzda oʻtkazildi. Tuman-shahar bosqichlarida 1678 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar qatnashdi.
Tanlovning viloyat bosqichida tuman-shahar bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yuz nafarga yaqin tadbirkor, hunarmand va fermerlar ishtirok etdi.
Hakamlar hayʼati xulosalariga koʻra, “Tashabbus-2021” koʻrik-tanlovining joriy yilgi viloyat bosqichi gʻoliblari nomi tantanali tarzda eʼlon qilindi.
“Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi boʻyicha faxrli birinchi oʻrin Qoʻshtepa tumanidagi «Ismoiljon gilamlari» xususiy korxonasi rahbari Ibrohimjon Sultonovga nasib etdi. “Yilning eng yaxshi fermeri” nominatsiyasida Oltiariq tumanida joylashgan Orzuxon Nurboyeva boshchiligidagi «Gʻafforjon nurli kelajagi» fermer xoʻjaligi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. “Yilning eng yaxshi tadbirkori” (sanoat yoʻnalishi boʻyicha) nominatsiyasida Oltiariq tumanida faoliyat koʻrsatuvchi Gʻayratjon Qosimov bosh boʻlgan «Hamza eksport art tekstil» korxonasi, “Yilning eng yaxshi tadbirkori” (xizmat koʻrsatish yoʻnalishi boʻyicha) nominatsiyasida esa Fargʻona shahridagi “Fargʻona tibbiyot fayzi” MCHJ jamoasi gʻoliblikka munosib koʻrildi. “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” nominatsiyasida Uchkoʻprik tumanida joylashgan “Mehrigiyo” xususiy korxonasi rahbari Xondamir Nuritdinov birinchi oʻrin sohibi sifatida eʼtirof etildi. Beshta nominatsiya boʻyicha faxrli ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari ham tantanali ravishda eʼlon qilindi. Gʻoliblarga viloyat hokimligining faxriy yorligʻi, qimmatbaho sovgʻalari taqdim etildi.
Shuningdek, ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, ularga faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring