Fargʻonada arab davlatlari investitsiyasi asosida istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi

16:40 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
213 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatida Quvayt va Saudiya Arabistoni tadbirkorlari tomonidan energetika, tibbiyot sohalarida bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Shu maqsadda viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Quvaytning “Energy Solutions” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Sasa al-Saloh hamda ushbu kompaniyaning hamkori Saudiya Arabistonining “Johnsons Controls Arabia (York)” kompaniyasi vakillari bilan ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etishning istiqbollari muhokama qilindi.

Taʼkidlash oʻrinliki, “Johnsons Controls Arabia (York)” aqlli texnologiyalarga asoslangan qurilish jihozlari, binolar uchun sovitish va isitish tizimlarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Dubaydagi “Burj Xalifa”, Nyu–Yorkdagi “Empayr-steyt-bilding” osmonoʻpar binolari, Makka va Madina shahridagi koʻplab inshootlar kabi dunyodagi yuzlab yirik qurilishlarda mazkur kompaniyaning tizimlari oʻrnatilgan. Shuningdek, kompaniya Saudiya Arabistonida joylashgan dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan birida “York” brendi ostida konditsionerlar ishlab chiqaradi.

Yuzma–yuz muloqotda Fargʻona shahrida bunyod etilayotgan Ekoshahar uchun energiya sarfini 25–30 foizga qisqartirish imkonini beruvchi kompleks energiya tejamkorligi tizimini joriy etishga qaratilgan loyihasi yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga koʻra, samimiy suhbat jarayonida yaqin vaqt ichida viloyat delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifini tashkil etish hamda muzokaralarni navbatdagi bosqichda davom ettirishga kelishib olindi.

  Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.      

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер