Fargʻonada aholiga arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari xizmat koʻrsatmoqda

17:04 22 Dekabr 2023 Jamiyat
791 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Viloyatdagi 19 ta markaziy dehqon bozorida ochilgan savdo yarmarkalarida 32 turdagi kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari bozor narxidan oʻrtacha 15-20 foiz arzon sotilishi taʼminlanyapti. Narx-navo oshib ketmasligiga erishish boʻyicha mahalliy hokimlik, prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq va monopoliya idoralari masʼul xodimlari biriktirilgan.

— Shuningdek, viloyatning 5 ta olis hududlari, xususan, Soʻx, Fargʻona va Rishton tumanlarida joylashgan “Shohimardon”, “Yordon”, “Hosilot” va “Choʻngʻara” MFYlarda koʻchma savdo yarmarkalari tashkil etildi, — deydi Fargʻona viloyati prokuraturasi boʻlim boshligʻi vazifasini bajaruvchi Oybek Usmonov. —Bu viloyatning har bir hududi va oilasiga bayram kayfiyati kirib borishini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Aholining ushbu mahsulotga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish va narx-navo barqarorligini taʼminlash maqsadida viloyatda faoliyat yuritayotgan 421 ta baliq yetishtiruvchi xoʻjaliklar tomonidan savdo nuqtalari tashkil qilindi hamda baliq mahsulotlari savdosi yoʻlga qoʻyildi.

Yangi yil yarmarkalarida “Oʻzdavzahira” qoʻmitasiga qarashli “Madad” DKdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida shakar mahsuloti xarid qilinib, har bir kilogrami 12 ming 500 soʻmdan sotilyapti.

Oʻz navbatida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida har bir rastada mahsulot narxi qatʼiy yozib qoʻyilishi, mahsulot narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar radiouzellar orqali xaridorlarga muntazam ravishda eʼlon qilib borilishi doimiy nazoratga olingan. Soliq idoralari tomonidan esa savdo yarmarkalarida xaridorlarga toʻlov terminallari orqali savdoni amalga oshirishga sharoit yaratilgani boʻyicha kunlik monitoringlar oʻtkazib borilayotir.

Shu bilan birga bozorlarda gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan hududlar kesimida 132 nafar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari jalb etildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер