Fargʻonada 2 kishi harbiylar tomonidan qurol qoʻllanilishi oqibatida vafot etdi
Joriy yilning 16-oktabrga oʻtar kechasi Fargʻona viloyatining Fargʻona tumani “Vodil” aholi punktida oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan harakatlanib kelayotgan mahalliy fuqarolar A.M. va O.Yu. ismli shaxslar boshqaruvidagi avtotransport vositasi toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtkazilganida mazkur avtotransport vositasining salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlangan.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Chegara qoʻshinlari boʻlinmasiga borish taklif etilganida, fuqarolar A.M. va O.Yu. hamda voqea sodir boʻlgan hudud yaqinida yigʻilgan ularning oʻn nafarga yaqin sheriklari, spirtli ichimlik taʼsirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga boʻysunmaganlar va chegarachilarga faol qarshilik koʻrsatib, ularga nisbatan kuch ishlatishgan.
Natijada harbiy xizmatchilar turli koʻrinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik koʻrsatayotgan kuchlar teng kelmaganligi bois, chegarachilar fuqarolarning noqonuniy harakatlarini toʻxtatish maqsadida ogohlantiruvchi oʻq uzishiga qaramasdan, ular gʻayriqonuniy hatti-harakatlarini davom ettirganlar.
Ogohlantirishdan toʻgʻri xulosa qilmay, harbiy xizmatchilarga faol qarshilik koʻrsatishda davom etgan fuqarolarning ikki nafari qurol qoʻllanilishi natijasida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat boʻyicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring