Fargʻona viloyatida “Ayollar daftari”dagi 111,3 ming nafardan ziyod xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatildi
Foto: "Xalq soʻzi"
Fargʻona viloyati hokimligida “Ayollar daftari” tizimining toʻrtinchi bosqichi doirasida yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob etilib, 2024-yili bajarilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev, Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Otabek Fozilkarimov, viloyat sektorlari, tegishli boshqarma, tashkilot va korxona rahbarlari ishtirok etdilar. Shuningdek, hududiy studiyalardan shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari hamda tegishli masʼullar videokonferensaloqa orqali qatnashdi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, “Ayollar daftari”ning toʻrtinchi bosqichi doirasida viloyatda qariyb 900 ming nafar 30 yoshdan yuqori boʻlgan xotin-qiz oʻrtasida anketa-soʻrovnomalar asosida xatlov ishlari olib borildi. Natijada 6 ta toifa boʻyicha 112 ming 22 nafar xotin-qiz Xalq deputatlari shahar-tuman Kengashlarining tegishli sessiyalari qarorlari boʻyicha “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Shu tariqa oʻtib borayotgan yil mobaynida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 111 ming 362 nafariga tegishli amaliy yordamlar koʻrsatildi. Buning uchun Respublika va mahalliy byudjet hamda boshqa manbalar hisobidan 89,3 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
— “Ayollar daftari” bilan ishlashda Fargʻonada oʻziga xos tajriba maktabini yaratishni maqsad qilganmiz, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari-oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Komila Kavlonova. — Shu bois, ayni jarayonda viloyat hokimligi, viloyat sektorlari va barcha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda keng koʻlamli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
2024-yilning 5-yanvaridan “Ayollar daftari” bilan ishlash boʻyicha beshinchi bosqich yumushlariga kirishiladi. Bu borada davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar faoliyatini shakllantirish, xonadonbay ishlash asnosida aniq roʻyxat tuzish, ushbu jarayonda faqat xotin-qizlar emas, barcha darajadagi rahbarlar, xodimlar faol ishtirok etishiga erishish maqsad qilingan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring