Fargʻona viloyatida 3 ming 674 ta ehtiyojmand oilaga koʻmir yoqilgʻisi yetkazib berildi

19:31 19 Yanvar 2023 Jamiyat
956 0

Foto: Xalq so‘zi

Bu yil qish mavsumi uchun Fargʻona viloyati aholisiga 155 ming tonna koʻmir yetkazish belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar belgilangan reja bajarildi.

Xususan, viloyatning olis va borish qiyin boʻlgan Soʻx tumani, Fargʻona tumanining Shohimardon va Yordon qishloqlari aholisiga 7 ming 278 tonna koʻmir yetkazib berildi. Shu tariqa ushbu hududlarda koʻmir yoqilgʻisidan qoʻshimcha zaxira ham qilindi.

“Fargʻona koʻmir taʼminot” MCHJ masʼullarining maʼlum qilishicha, qishning anomal sovuq kunlarini betalofat oʻtkazish maqsadida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan hamda homiylar koʻmagida kam taʼminlangan va ehtiyojmand 3 ming 674 ta oilaga 1 ming 450 tonnadan ortiq koʻmir yetkazib berildi.

“Quvasoy” koʻmir ombori orqali Quvasoy shahri va Fargʻona tumani aholisiga Angren koʻmirining har bir kilosi 300 soʻm 30 tiyindan yetkazilmoqda. Bugungi murakkab ob-havo sharoitida 900 tonna qoʻshimcha koʻmir olib kelindi.

— Mahallamizdagi 504 ta xonadonda 2 ming 810 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi Fargʻona tumani “Soy boʻyi” MFY raisi Zokirjon Karimov. — Hududdagi xonadonlarning asosiy qismi tabiiy gaz bilan taʼminlangan. Tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan oilalar uchun bugun qoʻshimcha 6 tonna koʻmir olib ketyapmiz.

Taʼkidlash oʻrinliki, viloyatda hududlar kesimida tashkil etilgan 8 ta omborda aholiga uzluksiz ravishda koʻmir tarqatish ishlari bir zaylda olib bormoqda. “Fargʻona koʻmir taʼminot” MCHJ omborlarida 1 yarim ming tonnaga yaqin koʻmir mahsulotlari zaxirasi yaratilgan.

Hozirgi sharoitda har kuni omborlarga 15-20 ta vagonda koʻmir yoqilgʻisi keltirilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер