FAO Oʻzbekistonda yangi tashabbus bilan kichik fermerlarning salohiyatini mustahkamlaydi

19:39 20 Iyun 2024 Iqtisodiyot
335 0

Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri boʻlib, aholi daromadlarini oshirish, ish oʻrinlari yaratish va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga salmoqli taʼsir koʻrsatadi. Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish qishloq xoʻjaligining muhim boʻgʻini sifatida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ushbu soha salohiyatni oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Sohani barqaror rivojlantirishga hissa qoʻshish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Kichik fermerlar barqaror agrar oziq-ovqat ekotizimlariga erishish uchun qishloq xoʻjaligidagi innovatorlar sifatida” yangi loyihasini amalga oshirishni boshladi.

Loyihani Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda amalga oshirish koʻzda tutilgan. Loyihaning maqsad va vazifalari Toshkent shahrida tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻtkazilgan ochilish seminarida taqdim etildi. Ishtirokchilar loyihaning koʻlami, konsepsiyasi va kutilayotgan natijalar bilan tanishtirildi. Tomonlar loyihaning ish rejasini koʻrib chiqdilar va uni kelgusida amalga oshirish shartlarini kelishib oldilar.

Ushbu loyiha kichik fermerlarning barqaror, samarali va iqlimga chidamli qishloq xoʻjaligi amaliyotlari boʻyicha salohiyatini oshirishga qaratilgan boʻlib, u meva-sabzavot mahsulotlarining butun oziq-ovqat tizimi zanjiri boʻylab amalga oshiriladi. Shuningdek, u qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, ekotizimlarni tiklash, barqaror yashash sharoitlarini taʼminlash va iqlim oʻzgarishiga moslashish kabi oʻzaro bogʻliq muammolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan bilimlarni oshirish va innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan.

Loyihadan kutilayotgan asosiy natijalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

— tanlab olingan meva-sabzavot mahsulotlarining barqaror va iqlim sharoitiga mos ravishda yetishtirish usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish;

— mahalliy tashkilotlarning sabzavot urugʻlarini yetishtirish va sotish boʻyicha salohiyatini oshirish;

— kichik fermer xoʻjaliklarining ekinlarni yetishtirish va boshqarish boʻyicha imkoniyatlarini oshirish.

Loyiha milliy tashkilotlarning institutsional va texnik salohiyatini mustahkamlashga hamda qishloq xoʻjaligi mahsuldorligi va qishloq xoʻjaligi tarmogʻi barqarorligini oshirish uchun ustuvor sabzavot va meva ekinlarini iqlimga mos ravishda yetishtirish amaliyotini ilgari surishga hissa qoʻshadi.

“Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston milliy iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biridir. Har bir davlat qishloq xoʻjaligini mustahkamlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish maqsadida bogʻdorchilik va sabzavotchilikni yanada rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Oilaviy fermer xoʻjaliklari har ikki mamlakatning qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida katta rol oʻynaydi, kichik fermerlar mamlakat yalpi qishloq xoʻjaligi mahsulotining qariyb sakson foizini ishlab chiqaradi. Ushbu loyiha kichik fermerlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan va ekinlar biologik xilma-xilligini saqlab qolish, ekotizim xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash orqali oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq—oziq-ovqat tizimlari barqarorligiga katta hissa qoʻshadi”, deb taʼkidladi FAOning Mintaqaviy idorasi vakili Viliami Fakava.

Loyiha Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va tanlangan hududlardagi tegishli fermer xoʻjaliklari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер