FAO Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) bilan hamkorlikda «Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari» mavzusidagi seminar tashkil qildi.
Tadbir «Yevropa va Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi tizimlarini transformatsiya qilish» loyihasi doirasida oʻtkazildi va unda Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni taʼminlash, iqlim oʻzgarishiga moslashish hamda savdo sohasida barqarorlikni taʼminlash yoʻnalishlarida texnik koʻmak berish kabi gʻoyalar ilgari surildi.
Seminarda Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish va atrof-muhitni yaxshilash uchun agrar va oziq-ovqat tizimlarini oʻzgartirishga yaxlit yondashuv haqida xabardorlikni oshirish, agrar va oziq-ovqat tizimlari boʻyicha muhim ustuvor yoʻnalishlar haqida fikr almashishdi.
FAOning «Yevropa va Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi tizimlarini transformatsiya qilish» loyihasi mintaqaning agrar va oziq-ovqat tizimlarini oʻzgartirish, milliy salohiyatni oshirish va borada tegishli manfaatdor tomonlar hamda vazirliklarni jalb qilish boʻyicha samarali ishlar olib bormoqda. Shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Armaniston, Bosniya va Gersegovina bilan bir qatorda diqqat markazida boʻlgan uchta davlatdan biri hisoblanadi. Mintaqaviy loyihaning asosiy maqsadi siyosatning asosiy ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash uchun tarmoqlararo muloqotlarga koʻmaklashish, mavjud maʼlumotlarni vazirliklar va tegishli manfaatdor tomonlar oʻrtasida sinergik qayta ishlash imkoniyatlarini tahlil qilishdan iborat.
Seminarda agrar va oziq-ovqat tizimlarining afzalliklari hamda siyosat uygʻunligini qanday mustahkamlash mumkinligi haqida muhim qoʻshimcha maʼlumotlar va tushunchalar taqdim qilinib, kelgusida ham loyiha doirasida bu kabi dolzarb masalalar koʻrib chiqilishi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring