FAO Oʻzbekiston aholisini issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlamoqda

16:32 27 Dekabr 2023 Jamiyat
722 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona vodiysining serhosil yerlarini ikki qoʻshni davlat – Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegaralari kesib oʻtadi, ularni oʻxshash anʼanalar, tarix va madaniyat birlashtiradi. Bu yerda, chegara hududlarida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) qoʻshma loyihasining benefitsiarlari yashaydi.

“Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasining nomi oʻz-oʻzidan gapiradi – maqsad qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish orqali yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan iborat. Shu bilan birga, xotin-qizlar va yoshlarning tinchlik oʻrnatish jarayonida harakatlantiruvchi kuch sifatida imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Loyiha BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Maʼlumki, sabzavotchilik Fargʻona vodiysi qishloq aholisining asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Mahalliy aholi oʻz uylarida sabzavot va koʻkatlarni yetishtirishadi, issiqxona biznesi esa butun yil davomida yaxshi foyda keltirishi mumkinligi tufayli ommaviylashib bormoqda. FAO qishloq aholisining issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish orqali oʻz daromadlarini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Dekabr oyida Andijon viloyatining Marhamat tumani va Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqoʻrgʻon tumanlari qishloq aholisiga “Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida ijtimoiy-iqtisodiy yordamning yana bir partiyasi yetkazildi. 13 nafar benefitsiarga sabzavotchilikni yanada rivojlantirish va uy xoʻjaliklari daromadlarini oshirish maqsadida loyiha hisobidan ularning tomorqalariga yangi issiqxonalar qurib berildi.

Yuqori natijalarga erishish uchun, issiqxonalar topshirilgandan soʻng Namanganda issiqxonalarni samarali boshqarish boʻyicha ikki kunlik seminar oʻtkazildi. Unda yuqorida qayd etilgan uchta tumandan loyiha benefitsiarlari, shuningdek, oʻz biznesini rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy issiqxona egalari ishtirok etdi. Seminar davomida ishtirokchilarga mahsulot hajmi va sifatini oshirish, shuningdek, tadbirkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun zarur bilim va koʻnikmalar berildi. Bundan tashqari, qishloq aholisi organik oʻgʻitlardan foydalanish va pestitsidlar hamda gerbitsidlardan foydalanishni kamaytirishga asoslangan ekologik toza va barqaror dehqonchilik usullari boʻyicha oʻqitildi.

Endi kichik bir masala qolmoqda: olingan bilimlarni amalda qoʻllash, yangi issiqxonalardan eng yuqori foyda olish. Yil davomida yangi va sifatli mahsulotlar chegara hududlari aholisining daromadlarini oshirishga yordam beradi va iqtisodiy barqarorlik, tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va farovonlik kafolati boʻlib, loyihaning maqsad va vazifalariga toʻliq javob beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер