FAO eksperti Prezident maktabi oʻquvchilari uchun mahorat darsi oʻtdi

16:09 11 Oktyabr 2022 Jamiyat
611 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning sabzavotchilik boʻyicha xalqaro eksperti Leone Malyoketti Lombi Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Namangan shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari uchun oʻquv seminar oʻtkazdi. Tadbir FAO tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminar “Qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish uchun sohada innovatsiyalar va yangi raqamli texnologiyalardan foydalanish” mavzusida oʻtkazildi. Tadbirda 40 ga yaqin 9-11 sinf oʻquvchilari ishtirok etishdi. Oʻquvchilar xorijiy mutaxassisning bugungi kunda dunyoning 1 mlrd. iqtisodiy faol aholisi band boʻlgan muhim soha – qishloq xoʻjaligidagi yangiliklar toʻgʻrisidagi taqdimotiga katta qiziqish bildirishdi.

Xususan, mutaxassis bolalarni gidroponika va ayeroponika kabi oʻsimliklarni yetishtirish usullari bilan batafsil tanishtirdi, shuningdek, “vertikal dehqonchilik” deb nomlangan  butun dunyoda faol ravishda joriy etilayotgan va anʼanaviy fermer xoʻjaligiga qaraganda 95 foiz kam suv ishlatishga imkon beradigan texnologiyaning xususiyatlari haqida gapirib berdi. Bundan tashqari, quyosh energiyasi bilan ishlaydigan suv nasoslarining yangi avlodining afzalliklari, issiqxonalarda IT-texnologiyalaridan foydalanish va boshqa koʻp masalalar muhokama qilindi.

FAOning sabzavotchilik boʻyicha xalqaro eksperti Leone Malyoketti Lombi oʻz taqdimotida «FAO qishloq jamoalarida ekinlar va chorvachilikni barqaror intensivlashtirishni qoʻllab-quvvatlaydi. Ilgʻor texnologiyalarni joriy etish bilim va koʻnikmalarni oshirish bilan birgalikda fermerlarning daromadlarini oshirish va, umuman, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga yordam beradi», deb taʼkidlab oʻtdi.

Maʼlumki, qatʼiy tanlovdan oʻtish zarur boʻlgan Prezident maktablarida yosh avlodning intellektual qobiliyatlarini ochib berishga yordam beradigan koʻp tarmoqli taʼlim muhiti shakllantiriladi. Shu munosabat bilan qishloq xoʻjaligidagi darslar talabalarning dunyoqarashlarini kengaytirish uchun foydali boʻldi.

— Maktabimizda tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillarni oʻzlashtirish, muhandislik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini chuqur oʻrganish yoʻlga qoʻyilgan. FAO bilan hamkorlikda olib borilgan mashgʻulotlar tufayli baʼzi oʻquvchilar qishloq xoʻjaligida kasbiy oʻsish haqida oʻylashni boshladilar. Ular qishloq xoʻjaligida IT-texnologiyalarni qanday joriy qilishga qiziqishmoqda. Bunday oʻquv mashgʻulotlari oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirishda, ilgʻor xorijiy tajribani oʻzlashtirishda, soʻnggi jarayonlardan xabardor boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Namangan shahar Prezident maktabi direktori Shuhrat Aziboyev.

Issiqxonalarni boshqarish boʻyicha mashgʻulotlar davomida olingan bilimlarni darhol amalda qoʻllash mumkin. Chunki maktab hududida issiqxona mavjud boʻlib, u yerda oʻquvchilarning atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Issiqxona “Zamin” Xalqaro jamoat fondining “Zamin Eco-Education” dasturini amalga oshirish doirasida FAO tomonidan grant asosida qurilib, maktabga topshirilgan. Bugungi kunda qadar unda maktab oʻquvchilarining faol ishtirokida koʻkatlar va ayrim qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirilmoqda. Mazkur dastur ijrosi doirasidagi ekologik taʼlim va tarbiya navqiron avlodning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masʼuliyatini oshirishning muhim omili boʻlib, pirovardida jamiyatning ekologik madaniyatini shakllantiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер