FAO Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishda Oʻzbekistonning salohiyatini oshirmoqda

16:45 01 Iyul 2021 Iqtisodiyot
826 0

Yaqinda Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) milliy markazida FAO va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirish va ularni monitoring qilishda milliy salohiyatni mustahkamlash” loyihasining yakunlanishiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi. 

Tadbirda FAO ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston dunyoning boshqa mamlakatlari kabi 2030-yilgacha boʻlgan davr mobaynida barqaror rivojlanish Kun tartibiga sodiqligini tasdiqlagan va milliy darajada Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) erishish shartlarini qabul qilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi qarori bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar hamda ularga erishish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

BRMning Oʻzbekistonda amalga oshirilishi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga toʻla mos keladi. BRM milliy va hududiy rivojlantirish strategiyalariga, shuningdek, Oʻzbekistonning 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi konsepsiyasiga ham kiritilgan.

“Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirish va monitoring qilishda milliy salohiyatni oshirish” loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa tegishli manfaatdor vazirlik va idoralarga ularning BRMni samarali amalga oshirish imkoniyatlarini mustahkamlash, jumladan, xabardorlikni oshirish hamda mamlakat darajasida oʻz vaqtida sifatli maʼlumotlarni toʻplashga yordam berishga qaratilgan.

“Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 2030-yilgacha boʻlgan davrda oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tarmoqlarining muhim roli va hissasini hisobga olgan holda Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishni tezlashtirishga yordam berdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi va boshqa tegishli muassasalarning BRMni tarmoqlarni rivojlantirish strategiyalari, dasturlari va byudjetga tatbiq qilish, shuningdek BRM boʻyicha hisobotlarni tayyorlash boʻyicha imkoniyatlari kengaydi. Bundan tashqari, BRM koʻrsatkichlari boʻyicha monitoring va hisobotlar sohasidagi mavjud salohiyat mustahkamlandi”, - dedi FAO ning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov.

Tadbirda BRM ga erishishda ustuvor yoʻnalishlarni belgilash orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda davlatning roli, oziq-ovqat xavfsizligi dasturini amalga oshirishning gender jihatlari va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning BRMga alohida eʼtibor bergan holdagi Strategiyasi haqida maʼruzalar tinglandi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda fermer va dehqonlarni qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dasturini amalga oshirishga jalb etish, xususiy kompaniyalarning Oʻzbekistonda BRMga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dasturini bajarilishiga hissasi masalalari muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер