Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonda uch yoʻnalishni rivojlantirish uchun begʻaraz koʻmak koʻrsatadi
Joriy yilning 31-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianni qabul qildi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Erkin Rustamov va tegishli tarkibiy tuzilma rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining Hamkorlik boʻlimi boshligʻi Vim Riyepma, Siyosiy ishlar boʻyicha attashe Tomas Yuyet, Loyiha menejerlari Elbek Xojayev va Danuta Elguflar ishtirok etishdi.
Tomonlar ilk uchrashuvdan mamnun ekanliklarini bildirib, qabul va kelgusidagi hamkorlik uchun minnatdorlik izhor etdi. Soʻnggi yillarda oʻzaro hamkorlik yangi bosqichga chiqqani, buning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (“GSP+”) kuchga kirgani eʼtirof etildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston mazkur tizimga Preferensiyalar bosh tizimi (“GSP+”) doirasida benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi. Ushbu maqom munosabatlarda muhim bosqich boʻlib, tomonlar oʻrtasidagi muloqotni hamda savdo almashinuvini yanada chuqurlashtirishga imkon beradi.
Shuningdek, mehmonlar makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash borasida katta eʼtibor qaratilishini va hukumatning Davlat byudjetini shaffoflik va ochiqlikni oshirish siyosatini ham yuqori baholadi. Taʼkidlash joizki, Yevropa Ittifoqi uchun byudjetning ochiqligi va shaffofligi tamoyillariga rioya qilish hamkorlikning muhim omillaridan biridir. Hozirgi vaqtda hukumat tomonidan davlat moliyasini boshqarish tizimida bir qator strategiyalar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Xorijiy hamkorga dunyodagi turli geosiyosiy inqirozlarga qaramay, mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, inflyatsiya darajasini pasaytirishda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar yetkazildi.
Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik va moliyaviy begʻaraz koʻmak berish borasidagi mavjud imkoniyatlar xususida fikrlashildi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda 3 ta yoʻnalish, yaʼni – raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha begʻaraz koʻmak berish yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilandi.
Koʻzlangan rejalarni amalga oshirishda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi oʻrtasida uch tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring