Evroosiyo iqtisodiy sammiti: dunyoning yetakchi “aql markazlari” oʻrtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi

18:27 13 Iyun 2022 Jamiyat
611 0

Turkiyaning “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi dunyodagi nufuzli va taniqli “aql markazlari”dan biri hisoblanadi. Fond oʻz faoliyati davomida dolzarb muammolarga bagʻishlangan xalqaro darajadagi seminarlar, konferensiyalar va uchrashuvlar tashkil etmoqda. Jumladan, fond tomonidan har yili anʼanaviy tarzda Yevroosiyo iqtisodiy sammiti oʻtkazib kelinadi.

Joriy yilning 7 — 10-iyun kunlari Fond tomonidan 25-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti tashkil etildi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda markaz ekspertlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Toshkent shahar hamda Andijon viloyati hokimligi vakillari ishtirokidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari ushbu nufuzli sammitda ishtirok etdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmatiga koʻra, bu yilgi sammitda ham 44 ta mamlakatdan va oʻndan ortiq turli xalqaro tashkilotlardan vakillar, jumladan, 5 ta davlatning amaldagi Prezidentlari, 15 ta davlatning sobiq prezidentlari va hukumat rahbarlari, 20 ta vazirlar, 7 ta vazir oʻrinbosarlari, 10 ta turli shahar va viloyatlar merlari (hokimlari) ishtirok etdi.

Sammit ishini Turkiya sobiq Bosh vaziri va Buyuk Millat Majlisi spikeri, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim hamda Istanbul shahar maʼmuriyati vakillari muvofiqlashtirib bordi.

Samarali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan mazkur sammit doirasida oʻzbekistonlik delegatsiya vakillari tomonidan mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, soʻnggi besh yilda erishilgan iqtisodiy koʻrsatkichlar, qulay investitsion muhit va xorijlik investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot tadqim etildi.

Jumladan, xalqaro anjumanda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov maʼruza bilan chiqish qildi. E.Tulyakov oʻz soʻzida “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da koʻzda tutilgan strategik maqsadlar va vazifalar haqida sammit qatnashchilariga soʻzlab berdi.

Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan ingliz tilida chop qilingan “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” nomli risola anjumanga yigʻilgan Turkiyaning yetakchi siyosiy va ishbilarmon doiralari vakillari hamda xorijlik ishtirokchilarga tarqatildi.

Shu bilan birga, ushbu nufuzli anjuman doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi va sammitda ishtirok etayotgan xalqaro darajadagi tashkilotlar hamda dunyoning yetakchi “aql markazlari” oʻrtasida amaliy natijalarga boy boʻlgan bir qator uchrashuv va muloqotlar oʻtkazildi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, 2021-yilda tashkil etilgan Yevroosiyo iqtisodiy sammiti doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda “Marmara grup” ijtimoiy va strategik tadqiqotlar fondi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, unga muvofiq hamkorlikda dolzarb muammolarga bagʻishlangan seminar, konferensiya va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер