Ertaga yurtimiz boʻylab “Milliy suvenirlar” festivali boʻlib oʻtadi
2021-yilning 28-oktabr kuni respublikamizning barcha hududida “Milliy suvenirlar” festivali boʻlib oʻtadi.
Festival doirasida hunarmandlarning koʻrgazma-savdosi, koʻrik-tanlovi, mahorat darslari oʻtkaziladi, shu bilan birga folklor-etnografik guruhlari va badiiy jamoalarning chiqishlari tashkil etiladi.
Festivalning rasmiy ochilish va yopilish marosimi Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida boʻlib oʻtadi.
Festivalning maqsad va vazifalari — ichki va tashqi turizmni jadal rivojlantirish, yurtimiz fuqarolari va xorijiy tashrifchilar oʻrtasida mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini keng targʻib qilish, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlarga munosib hissa qoʻshishdan iborat.
Festivaldan kutilayotgan natija — tadbir ishtirokchilari tomonidan yaratilgan milliy suvenirlar savdosini yoʻlga qoʻyish orqali respublikamiz muzeylari va madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar toʻgʻridan-toʻgʻri ushbu obyektlarning targʻibotchisiga aylanadi. Bu esa, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, hunarmandlar bandligini taʼminlashga hamda ularni ham moddiy, ham maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Festival yakunida “Eng yaxshi suvenir” nominatsiyasi boʻyicha har bir hudud uchun alohida 1 ,2, 3-sovrinli oʻrinlar belgilangan va gʻoliblar tadbir soʻngida munosib taqdirlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring