Eri tomonidan tahqirlangan samarqandlik ayolga viloyat hokimligi ikki xonali uy ajratadi
Bu haqda Samarqand viloyati matbuot uyida tahdid va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilish, tazyiqqa duch kelgan ayollarga yordam koʻrsatish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga bagʻishlab oʻtkazilgan brifingda Samarqand viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sayyora Jumayeva maʼlum qildi.
"Samarqand shahrida yashovchi bu qizimiz va uning farzandlari viloyat hokimligi va boshqarmamiz himoyasiga olinib, unga zarur tibbiy-ijtimoiy, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda. Oiladagi vaziyatni oʻrgandik, Mustahkam fikrlarini eshitdik, u bilan deyarli har kuni suhbatlashyapmiz. Hozirda bu oilani saqlab qolish yoki ularni yarashtirish haqida oʻylaganimiz yoʻq. Chunki, mavjud vaziyat bunga imkon bermaydi.
Aksincha, viloyat hokimligi unga ikki xonali uy ajratmoqchi. Salomatligi yaxshilanganidan keyin Mustahkamni ish bilan taʼminlash chorasini koʻramiz. Umuman, bu qizimizni endi hech kimga xafa qildirib qoʻymaymiz. Kuni kecha Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari G.Maʼrufova ham uning holidan xabar olib, suhbatlashdi. Mustahkam himoyaga olinib, unga qanday yoram zarur boʻlsa, koʻrsatilishi maʼlum qilindi", deydi S.Jumayeva.
Brifingda Samarqand shahar IIB tergov boʻlimi boshligʻi Damir Sultonov ham mazkur holat yuzasidan maʼlumot berib, xotiniga nisbatan zoʻravonlik qilgan Sh.Karimovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini bildirdi.
"22-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holatdan bugun koʻpchilik yaxshi xabardor. Xotiniga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlgan Sh.Karimov 24-avgust kuni ushlanib, sud qarori bilan tegishli tartibda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bu shaxs qamoqdan qoʻyib yuborilibdi, er-xotinni yarashtirish chorasi koʻrilyapti ekan, degan gap soʻzlar tarqalmoqda. Ammo bu gaplar asossiz. Sh.Karimovga nisbatan qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasi oʻzgartirilmagan. Jinoyat-protsesual kodeksi talablariga koʻra, ushbu jinoyat ishini yarashtirish bilan tugatish imkonsiz.
Bundan tashqari, jinoyat ishi qoʻzgʻatishga asos boʻlgan Jinoyat kodeksi moddalari boʻyicha ham turli fikrlar bildirilmoqda. Bu fikrlarga javoban shuni aytmoqchimanki, biz jinoyat ishini dastlabki toʻplangan tergovoldi hujjatlariga asosan 105-modda bilan qoʻzgʻatganmiz. Hozirda jabrlanuvchi va gumon qilinuvchini, guvohlarni soʻroq qilyapmiz.
Ekspertiza xulosalari olingan. Barcha koʻrsatma va vajlar tekshirilmoqda. Ish boʻyicha aniqlangan holatlarning hech biri eʼtibordan chetda qolmaydi va bu jinoyat ishiga qoʻshib boriladi. Ayni paytda ish tergov jarayonida boʻlgani, tergov siri degan tushunchalar borligi sababli barcha holatlarni oshkor eta olmaymiz", dedi D.Sultonov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring