Yer usti metro yoʻnalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 oʻrinli avtoturargohlar tashkil etiladi
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Toshkent metropoliteni” DUK harakat xizmati rahbari Sulton Qodirov maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktyabrdagi “Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5260-sonli qaroriga asosan, metropoliten faoliyatini samaradorligini oshirish yoʻnalishi sifatida yongʻin xavfsizligi talablariga javob beruvchi, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjat talablari asosida tizim hududida yoʻlovchilarga qulay xizmat koʻrsatish yaʼni, savdo faoliyati tiklanadi.
Ushbu vazifani ijrosini taʼminlash maqsadida, hozirgi kunda Toshkent metropoliteni “Novza” metro bekatining hududi hisoblangan piyodalar oʻtish yoʻlagida sinov va etalon sifatida savdo shahobchalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-iyuldagi “Toshkent shahar jamoat transporti samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-313-sonli qarorida belgilangan topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida, Toshkent shahar Yashnobod tumanidan oʻtuvchi yer usti metro yoʻnalishi estakadasi ostidagi (umumiy yer maydoni 2,9 gektar) hududda 1200 oʻrinli beshta avtoturargoh hamda Sergeli tumanidan oʻtuvchi yer usti metro yoʻnalishi (umumiy yer maydoni 3,37 gektar) hududida 1500 oʻrinli yettita avtoturargoh, jami boʻlib 2700 oʻrinli avtoturargoh tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilgan rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirilishi natijasida umumiy hisobda 1700 ta yangi ishchi oʻrinlari yaratiladi.
Maʼlumot uchun yuqoridagi Prezident qarorlariga asosan metropoliten yoʻlovchilariga sifatli xizmat koʻrsatish uchun 2023-yil davomida metro vagonlarini parkini yangilash maqsadida, metro yoʻnalishlariga beshinchi vagon sifatida 10 ta harakat tarkiblariga qoʻshimcha vagon qoʻshilishi, shuningdek, 14 ta toʻrt vagonli zamonaviy turdagi yangi harakat tarkiblari foydalanishga topshiriladi.
Natijada, metro poyezdlarini harakatlanish jadvalida koʻrsatilgan intervallarini qisqartirishga erishiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring