Yer maydonlari savdosi bilan bogʻliq firibgarlik holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buvayda tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.Sh. “Qoraqum” MFYda yashovchi 3 nafar fuqaroga onlayn auksion savdolari orqali 10 yil muddatga ijara shartnomasi asosida foydalanish uchun ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini fuqaro Z.A.ga firibgarlik yoʻli bilan fuqarolarning xabardorligisiz 45 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Shoʻrchi tumani boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.J. fuqaro U.Ch.ning ishonchiga kirib, unga goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 150 mln soʻm evaziga “Baxshtepa-1” MFY hududidan 50 sotix zaxiradagi ekin yer maydonini olib berishini aytib, shundan 2 000 AQSH dollari va 59 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “K.K.” MCHJ rahbari A.A. (muqaddam sudlangan) fuqaro F.T.ning ishonchiga kirib, unga goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida boshqa fuqaroga tegishli 8 sotix yer maydonidagi qurilishi tugallanmagan turar joy va unga tutash boʻlgan 8 sotix zaxiradagi yer maydoni uning nomiga hujjatlarni rasmiylashtirib olib berishi evaziga 1 600 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlanib, A.A.ning ish xonasidan yana 19 nafar fuqaroga tegishli uy-joy uchun rasmiylashtirilgan soxta kadastr hujjatlari, tuman hokimligining soxta “Qarorlar uchun” muhri va “Asliga toʻgʻri” shtampi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Chust tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, muqaddam firibgarlik jinoyat uchun sudlangan K.U. va M.B. fuqaro Y.A.ga tumandagi “J.I.” fermer xoʻjaligining 30 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishlari evaziga 7 000 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlanib, K.U. va M.B. tomonidan 7 000 AQSH dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring