Eng yaxshi ixtirochi ayollar taqdirlandi

15:28 24 Oktyabr 2023 Jamiyat
293 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoroda “XXI asr ayoli” xotin-qizlar festivali doirasida barcha shahar va tumanlarda seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etildi. Oliy taʼlim muassasalarida “Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishda xotin-qizlarning oʻrni”, “Xotin-qizlarning intellektual salohiyatlarini yuksaltirish – davr talabi”, “Olima ayollar – jamiyat koʻzgusi” kabi mavzularda ilmiy-amaliy anjumanlar, shuningdek “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

— Men ushbu tanlovda “Koʻhna va boqiy Buxoro obidalarini matoda (sumkada) aks ettirish” deb nomlangan loyiha bilan ishtirok etdim,— deydi Buxoro davlat pedagogika institutining musiqa va tasviriy sanʼat kafedrasi dotsenti Dilfuza Mamurova.- Bilamizki, sumka har bir kishi, xususan, sayyohlar uchun kerakli buyumdir.Mahalliy mato, ayniqsa, boʻzdan tayyorlangan bunday sumkalar xaridorgir sanaladi. Ularda qadimiy shahrimiz yodgorliklarini kompozitsiya tarzida aks ettirish sayyohlarni yurtimizga yanada koʻproq jalb qilish ishiga hissa boʻlib qoʻshiladi, mehmonlarning tariximiz, milliy merosimizga qiziqishlarini oshiradi, degan fikrdaman. Men yaratgan tasvir adliya vazirligi tomonidan patentlashtirilgan.

Tanlovga topshirilgan shu kabi 50 dan ziyod ish ekspertlar kengashi tomonidan muhokama qilish orqali saralandi. Muhimi, bu ishlar hayotga tadbiq etilishi, ixtirolar jamiyat ravnaqiga xizmat qilishi kerak. Toki, ertangi kunimiz bugungisidan yaxshiroq va mazmunliroq kechsin.

Koʻrik-tanlov yakuniga bagʻishlab Buxoro davlat universitetida oʻtkazilgan tadbirda soʻz olganlar yurtimizda xotin-qizlarning oʻqishlari, kasb-hunar oʻrganishlari, intellektual qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini taʼkidladilar. Koʻrik-tanlovning turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер