Eng sara biznes tashabbuslar taqdirlandi

20:02 16 Mart 2023 Jamiyat
770 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik tashkiloti (YUNFPA) 2022-yildan “Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” BMT qoʻshma loyihasini birgalikda amalga oshirishni boshladilar. Loyihaning boshlangʻich nuqtasida chegaraoldi hududlarda iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish maqsadida oʻzaro yordam guruhlari tuzildi.

Bugungi kunga qadar loyiha doirasida jami 32 oʻzaro yordam guruhlari tashkil qilinib, BMTning loyiha tashkilotlari 2023-yilda ham ushbu guruhlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda. Xususan, 2023-yil mart – sentyabr oylarida Iqtisodiy salohiyatni oshirish dasturi doirasida guruh aʼzolarining tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish va asbob-uskuna bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Bu safar asbob-uskuna bilan qoʻllab-quvvatlanadigan eng sara biznes tashabbuslarni tanlab olish uchun Namangan va Andijon shaharlarida 2023-yil 16-17-mart kunlari Pich-dek tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda oʻzaro yordam guruhlarining yetakchilari oʻz guruhlarining biznes rejalarini hakamlar hayʼatiga taqdim qildi va eng sara biznes tashabbuslar loyiha tomonidan taqdirlandi.

Tadbir doirasida Namangan viloyati Kosonsoy tumanining Xonqoʻrgʻon va Obodon mahallalari, Yangiqoʻrgʻon tumanining Doʻstlik va Qayroqi mahallalari hamda Andijon viloyati Marhamat tumanining Yoʻlamatol va Qorabogʻich mahallalaridan ishtirok etgan 3 tadan 4 tagacha boʻlgan guruhlarning biznes tashabbuslari hakamlar hayʼatiga taqdim etildi.

BMTning “Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasi BMTning Tinchlik oʻrnatish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan boʻlib, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va BMTning Aholishunoslik boʻyicha jamgʻarmasi (YUNFPA) tomonidan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Qoʻshma loyiha Oʻzbekistonning Andijon va Namangan viloyatlari, Qirgʻizistonning Oʻsh va Jalolobod viloyatlarining chegaraoldi qishloqlarida amalga oshirilayotgan boʻlib, chegaraorti ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bunda tinchlik oʻrnatishning muhim agentlari sifatida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab qoʻyilgan.

Chegaroldi hududlarda iqtisodiy farovonlikning oshishi qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarning mustahkamlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bunda ayollar ijtimoiy faolligining oshishi va daromad olish imkoniyatlarining kengayishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер