“Eng kerakli dorilar zaxirasi tugadi”: Gʻazodagi tibbiy holat boʻyicha maʼlumot berildi
Gʻazo kasalxonalari va tibbiyot markazlarida bemorlar uchun zarur dori-darmonlar zaxirasi xavfli va misli koʻrilmagan darajada kamayib ketgan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Isroil harbiylari bir oydan ortiq vaqt davomida Gʻazo hududiga insonparvarlik yordamlari, jumladan dori-darmonlar kirishini keskin taqiqlab qoʻygan. Shu sababli ayni paytda hududdagi tibbiy ahvol misli koʻrilmagan darajada yomonlashgan.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, bemorlar uchun zarur dorilar roʻyxatining 37 foizi, tibbiy buyumlar roʻyxatining 59 foizi hamda saraton va qon kasalliklariga qarshi dori vositalarining 54 foizi zaxirada mavjud emas. Amalda foydalanilayotgan dorilar va tibbiy buyumlar ham tugash arafasida, uzoq muddatga yetmaydi.
Shuningdek, jarrohlik, intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlari bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar hamda materiallarning soʻnggi zaxirasidan foydalanishyapti.
Bundan tashqari, ayni vaqtda 80 ming nafar qandli diabet va 110 ming nafar gipertoniya bilan ogʻrigan bemorlarga yordam koʻrsatishning imkoniyati yoʻq.
“Tibbiy buyumlar va dori-darmonlarning butkul tugashi, tibbiyot muassasalarining yopilishiga hamda mamlakatdagi tibbiy hayotni yanada inqirozga duchor qiladi. Bemorlar va yaradorlarga tibbiy yordam koʻrsata olmaslik halokatli muammolarni keltirib chiqaradi”, — deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring