Eng boy davlatda uysizlar soni yarim milliondan ortgan
Prezident Donald Tramp Kaliforniya shtatida uysizlik muammosiga barham berish kerak, demoqda. “Vashington Post” gazetasiga koʻra, Los-Anjeles va boshqa shaharlarni uysizlardan tozalashga koʻrsatma berilgan. Xususan, Los-Anjelesning Skid-Rou mahallasi nishonda, deb yozadi “Amerika ovozi“.
Los-Anjeles shahrida 50 koʻchani oʻz ichiga olgan Skid-Rou mahallasi palatka, chayla va uyum-uyum chiqindiga toʻla. Bu yerda chamasi 18 ming odam yashaydi. Asosan giyohvand, ichkilikka ruju qoʻygan yoki ruhiy nosogʻlom odamlar, baʼzilari sobiq mahbuslar. Koʻpchiligi ishsizlik, qashshoqlik yoki nogironlik oqibatida shu ahvolga tushgan. Soʻnggi yillarda sobiq askarlar orasida ham uysizlar koʻpaygan.
“Bu koʻchalarda veteranlar koʻp, umuman Skid-Rou toʻla. Qora tanlilarni ham, faxriylarni ham koʻrasiz”, - deydi uysizlardan biri.
Shahar rasmiylari jamoat joylarida, masalan, xiyobon va yoʻlaklarda tunashni man etish bilan band. Bunday cheklovlar uysizlarni jinoyatchiga tenglashtirish demakdir, deydi huquq himoyachilari.
Rasmiylar muammoni hal qilishga mablagʻ yoʻq deydi. Tanqidchilar nazarida aslida siyosiy iroda yoʻq.
“Hamma bir gapni aylantiraveradi. Nima qilishni bilmaymiz, unday qildik, bunday qildik, hech foyda bermayapti, deyishdan nariga oʻtmaydi. Aslida hal qilinishi kerak muammo - uy-joy”, - deydi quruvchi Elvis Sammers.
U uysizlarga kichik uylar yasab beradi, boshqalarga ham oʻrgatadi. Koʻchada yashaydiganlar asosiy xizmatlar uchun Sammers kabi koʻngillilarga tayanadi.
2018-yilda AQSH boʻylab yarim milliondan ortiq odam uysiz boʻlgan. Baʼzi shtatlarda kamaygan boʻlsa-da, iqtisodiy oʻsishga qaramay dunyoning eng boy mamlakatida koʻchada tunaydiganlar soni ikkinchi yildirki koʻpayib bormoqda. Asosiy sabab – iqtisodiy tengsizlik, shuningdek, uy-joy va tibbiy xizmatlar narxi oshib borayotgani. Eng kam ish haqi mamlakatda 2009- yildan beri oshmagan. Koʻpchilik siyosatchilarning murakkab qarorlardan qochishini ham sabab qilib koʻrsatadi.
Oq uy nimani rejalayotgani hozircha mavhum. Mahalliy rasmiylarga koʻra, mablagʻ uysizlarni koʻchirishga emas, uy-joy qurishga sarflanishi kerak.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring