Eng aziz va qadrli bayram quvonchi

15:36 31 Avgust 2022 Jamiyat
914 0

Foto: Xalq so‘zi

Xalqimiz uchun eng aziz va qadrli ayyom Fargʻona viloyatida ham katta shodiyona bilan nishonlanmoqda.

Fargʻona shahridagi muhtasham Teatr va konsert saroyi ochiq maydonida tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostidagi mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri unutilmas taassurotlar bilan oʻtdi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tantana qatnashchilari va ularning timsolida viloyat ahlini bayram bilan samimiy qutlab, keyingi yillarda yurtimiz, xususan, viloyatda boʻlayotgan yangilanish va oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.

— Muhtaram Prezidentimizning joriy yil may oyida viloyatimizga qilgan tashrifi chogʻida “Biz Fargʻonadan katta natijalar kutamiz”, degan soʻzlari aniq maqsad va vazifalarni belgilab olishda muhim omil boʻlmoqda, — dedi viloyat hokimi. — Bu ishonchga javoban barchamiz mehr va sadoqat bilan fidokorona mehnat qilib, barcha sohada davlatimiz rahbari kutgan katta natijalarni qayd etishga astoydil bel bogʻlaganmiz.

— Olis hududlardan sanalgan mahallamizda “Obod qishloq” dasturi doirasida keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilib, viloyatning eng namunali goʻshalardan biriga aylandi, — deydi Uchkoʻprik tumanidagi «Toshkentliguzar» MFY raisi Akbarxoʻja Tursunov. — Keyingi yillarda tadbirkorlik, hunarmandchilik sohalarida mahalladoshlarimiz salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Bayram arafasida Prezidentimiz Farmoniga koʻra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganim mahalla raisi, tadbirkor sifatida meni juda ham quvontirdi. Yaqin kelajakda Toshkentliguzarni mamlakatimizning eng koʻzga koʻringan mahallalaridan biriga aylantirishga harakat qilamiz.

Teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, gala-konsert va anvoyi mushaklar jilosi bayram shukuhiga shukuh, tantana ishtirokchilariga bir olam quvonch ulashdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер