Energiya taʼminotidagi antiqa qingʻirliklar isteʼmolchiga yetkazib berilayotgan energiya miqdorida tafovutlarni yuzaga keltirmoqda

16:34 25 Fevral 2020 Jamiyat
1051 0

Energiya resurslaridan toʻgʻri, tejamkor foydalanishda koʻp hollarda isteʼmolchilarda toʻlov madaniyati yetishmasligi, oʻgʻrilik, turli qingʻir ishlar toʻsiq boʻlmoqda. Shu kabi illatlar tufayli taʼminotchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgani bilan isteʼmolchiga yetkazib berilayotgan energiya miqdorida tafovutlar yuzaga kelmoqda. Bu esa debitor qarzdorlikni sunʼiy oshib ketishiga olib kelmoqda. Ayrim odamlar davlatning, xalqning boyligini talon-taroj qilishda turli qingʻir usullardan foydalanmoqda, desak yanglishmaymiz.

Yaqinda “Oʻzenergoinspeksiya”ning Samarqand hududiy boʻlimi va Majburiy ijro byurosi qoʻshma ish rejasiga asosan isteʼmolchilar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalari oʻrganilganda oʻgʻrilikning antiqa usuli aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi va Inspeksiya matbuot xizmatlari hamkorlikda xabar berdi.

Joriy yilning 8-fevral kuni Paxtachi tumanida isteʼmolchilarning elektr energiyasidan foydalanishi boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi. Oʻrganish vaqtida Paxtachi tumani Jahonobod mahallasi hududida joylashgan fuqaro Husanov Xabibjonning xonadonida umumiy quvvati 29,9 kVt boʻlgan elektr qabul qilgichlarni ishlatishda hisoblagichsiz va tegishli ruxsatsiz oʻzboshimchalik bilan elektr energiyasidan foydalanilayotganligi aniqlandi. Majburiy ijro byurosi Paxtachi tuman boʻlimi xodimlari tomonidan shu kuni isteʼmolchiga nisbatan MIB SA EH-0007681-sonli qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirildi. Isteʼmolchi elektr tarmogʻidan uzib qoʻyildi. Paxtachi tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan qoidabuzilishi oqibatida isteʼmolchi tomonidan elektr taʼminoti korxonasi manfaatlari jami 235 372,8 kVt*soat boʻyicha 105 917 760 soʻm zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, “Oʻzenergoinspeksiya”ning Samarqand hududiy boʻlimi tomonidan Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Kaplan Ser Sam” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonasi, “SAMARKAND ENGLAND EKO-MEDIKAL” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonasi, “Al-Muyin Barokat” MCHJ va “EAST OIL” MCHJlarga tegishli ishlab chiqarish sexlari elektr taʼminoti uchun oʻrnatilgan transformatorlarning umumiy quvvati 750 kVA dan ortiq boʻlsa-da, Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi tomonidan II taʼrif guruhi boʻyicha hisob-kitob amalga oshirilayotganligi aniqlandi. Hozirda yuqorida koʻrsatilgan isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol qilingan elektr energiyasini I taʼrif guruhi asosida qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari “SAMARQAND METAL PRODUCTION” MCHJga tegishli ishlab chiqarish sexi oʻzboshimchalik bilan quvvati 1000 kVA boʻlgan transformator punkti elektr tarmogʻiga ulab olinganligi aniqlandi. Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar boʻlimi xodimlari tomonidan qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirilib isteʼmolchi tarmoqdan uzildi. “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 117 bandi talablari asosida hozirda qoidabuzarlik dalolatnomasi boʻyicha qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер