Endi Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yoʻl chiptalari tatbiq etiladi
Foto: Тошшаҳартрансхизмат
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika muammolarini oʻrganish markazi, Toshkent shahar transport boshqarmasi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ hamkorligida Toshkent shahridagi yoʻlovchi tashishning yer usti transporti yoʻnalishlarini maqbullashtirish ishlari ketmoqda.
“Toshshahartransxizmat” xabariga koʻra, mazkur jarayonda asosiy eʼtibor yoʻnalishlarni metro bekatlariga bogʻlash, magistral yoʻnalishlar va ularga yoʻlovchilarni olib chiquvchi yordamchi yoʻnalishlar tarmogʻini yaratishga qaratilgan.
Ushbu oʻzgartirishlardan maqsad — magistral yoʻnalishlar oʻtadigan koʻchalardagi boshqa yoʻnalishlar sonini imkon darajasida kamaytirish. Bu yoʻnalishlarning bir birini takrorlamasligiga, qatnov muntazamligini taʼminlashga xizmat qiladi. Boʻshagan avtobuslar hisobidan transport vositalari yetishmayotgan yoʻnalishlarni toʻldirish imkonini beradi. Bu qatnov intervalini keskin qisqartirib, yoʻlovchilarning ortiqcha vaqt yoʻqotishlarining oldini oladi.
Muvofiqlashtirish jarayonida magistral va shahar markazida qatnovchi yoʻnalishlarga katta sigʻimli, yordamchi va shahar chetidagi yoʻnalishlarga esa yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqqan holda oʻrta va kichik sigʻimli avtobuslarni biriktirish rejalashtirilgan.
“Yoʻlovchilar manfaatidan kelib chiqib bunday oʻzgarishlar jarayonida avtomat toʻlov tizimini ham takomillashtirish, rivojlantirish taqozo etiladi. Shuni inobatga olgan holda 15, 7 va 3 kunlik elektron yoʻl chiptalarini tatbiq etish boʻyicha hukumat qarori tayyorlandi. Qarorning amalga tatbiq etilishi natijasida yoʻlovchilar yoʻnalishdan yoʻnalishga oʻtishida ortiqcha mablagʻ sarflamasliklari taʼminlanadi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda dastlabki oʻzgartirilgan avtobus yoʻnalishlari eʼlon qilindi. Ushbu oʻzgarishlar asosan magistral yoʻnalishlari boʻlib, ular oʻtadigan koʻchalardan boshqa yoʻnalishlarni olib tashlash nazarda tutilgan. Eʼlon qilingan materiallarda magistral yoʻnalishlariga yoʻlovchilarni olib chiqadigan yordamchi yoʻnalishlar haqidagi maʼlumotlar berilmaganligi yurtdoshlarimizda baʼzi bir tushunmovchiliklar ham sabab boʻldi.
Endilikda yurtdoshlarimizda ortiqcha savollar tugʻilmasligi va tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida magistral yoʻnalishlarining oʻzgarishlari, qisqartiriladigan yoʻnalishlar va yordamchi yoʻnalishlar haqidagi toʻliq maʼlumotlar ijtimoiy sayt va tarmoqlarda eʼlon qilib boriladi”, — deyiladi “Toshshahartransxizmat” xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring