Endi ortiqcha majlisbozliklarga chek qoʻyiladi
Davlatimiz rahbari kuni kecha “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.
Mazkur meʼyoriy hujjatning maqsadi joriy yilda mamlakatimizda yil eʼtirofidan kelib chiqqan holda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, aholi farovonligini oshirish, jamiyatdagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Farmonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da barqarorlashtirish, ijro mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, hujjatning 18-bandida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Unga koʻra, joriy yilda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratgan holda har bir hududda bittadan tuman (shahar) byudjetini shakllantirishda xarajatlarning kamida 5 foizini bevosita aholining fikr-mulohazalarini inobatga olib, mahalladagi muammolarni hal etishga yoʻnaltirish tartibi eksperiment tariqasida joriy etilishi qayd etildi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlar oʻzini oqlashiga ishonamiz. Negaki, endilikda bu tartib yoʻlga qoʻyilgach, mahalla dolzarb masalalar yechimi uchun homiy yoki biror tashkilot koʻmagini kutib oʻtirmaydi. Ayni 5 foiz mahalladagi aytaylik, kommunal muammolarni bartaraf etsa ham, jamiyatning bitta yechimini kutib yotgan muammosi hal etiladi.
Yana bir muhim belgilovni aytish joiz. Yaʼni, joriy yildan boshlab boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar va byurokratik toʻsiqlarni va majlisbozliklarni qisqartirish, uzoq yillar davomida boʻsh turgan shtat birliklarini optimallashtirish yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi.
Masalan, birgina majlisbozliklarni qisqartirish bilan vaqtni tejashga, ish unumdorligini oshirishga erishiladi. Endi soatlab majlislar oʻtkazish yoʻq. Demak, bu oʻz-oʻzidan davlat va jamiyat hayotidagi muammolar yechimiga istalgancha amaliy javob topish imkoni deganidir.
Umuman olganda, Davlat dasturida belgilangan har bir meʼyoriy band aslida xalq farovonligini oshirish, yil nomini oqlash yoʻlidagi qulay sharoit va katta imkoniyatdir. Shunday ekan, davlatimiz rahbarining ushbu farmoni ijrosini taʼminlashda barcha deputatlar faol boʻlishi kerak.
Tohirjon AHMADALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring