Endi Gʻijduvonning pillasi oʻzida qayta ishlanadi
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida yetishtirilgan pilla 2023-yilgi mavsumdan boshlab shu yerning oʻzida qayta ishlanadigan boʻldi. Kuni kecha foydalanishga topshirilgan “Gʻijduvon ipak tola” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarish quvvati qoʻshni Shofirkon tumani “kumush tola”sini ham sanoatbop mahsulotga aylantirish imkonini beradi.
Umumiy qiymati 2 million AQSH dollarini tashkil etadigan loyihani roʻyobga chiqarish uchun Turkiya sarmoyadorlarining investitsiyasi jalb qilindi. Korxona yiliga 144 tonna pillani qayta ishlash quvvatiga ega. Eʼtiborlisi, masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan soha ozuqa bazasini mustahkamlash tadbirlari ham koʻrilyapti. Shofirkon va Gʻijduvon tumanlaridagi tutzorlarni kengaytirish maqsadida ikki million 250 ming tupdan ziyod tut koʻchati oʻtqazilyapti. Korxona sharofati bilan 180 nafar kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻlmoqda.
Xushxabarning qanoti bor, deganlaridek, ushbu satrlar qogʻozga tushar – tushmas, Peshku hamda Buxoro tumanlarida ham pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi korxonalar ish boshlagani haqida maʼlumot oldik.
Aytish lozimki, yakun topayotgan 2022-yilda Buxoro viloyatida jami 2 ming 785 tonna pilla yetishtirildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring