Ekologik ekspertiza elektron hujjatda

14:41 04 Avgust 2022 Jamiyat
2016 0

Foto: Illustrativ foto

Mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni taʼminlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 7-sentyabrdagi “Atrof muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ham sohada yangi yoʻnalishlarni belgilab bermoqda.

Davlat ekologik ekspertizasi nima?

Davlat ekologik ekspertizasi — moʻljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini va ekologik ekspertiza obyektini realizatsiya qilish mumkinligi yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida ixtisoslashtirilgan ekspert boʻlinmalari tomonidan oʻtkaziladigan ekologik ekspertiza turi boʻlib, prognoz qilinayotgan xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish haqida qaror qabul qilishgacha boʻlgan bosqichda ushbu faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini, atrof tabiiy muhitning holatiga va fuqarolar sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan moʻljallanayotgan va amalga oshirilayotgan xoʻjalik hamda boshqa faoliyatning ekologik xavflilik darajasini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha nazarda tutilayotgan tadbirlarning yetarliligi va asosliligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.

Endi qanday yangiliklar boʻladi?

Bugungi kunga qadar amaldagi davlat ekologik ekspertizasi toʻrt bosqichda amalga oshirilar, bu esa oʻz navbatida, maʼlum muddatni, yaʼni vaqt yoʻqotishni talab qilar edi.

Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan endilikda davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish bilan bogʻliq yangi normalar belgilandi va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, 2020-yil 1-oktyabrga qadar qoʻmitaning veb-sayti orqali davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazishning elektron hujjat almashinuvi tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish, shu bilan birga, tizim ishga tushgandan soʻng ariza va atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini yozma ravishda qabul qilishni toʻxtatish belgilandi. Aytish lozim, oʻtgan vaqt mobaynida Davlat ekologiya qoʻmitasining www.eco-service.uz veb-sayti orqali davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazishning elektron hujjat almashinuvining yagona tizimi ishga tushirildi. Yagona tizimga hududiy davlat ekologik ekspertizasi markazi integratsiya qilindi. Arizani toʻldirish mexanizmi osonlashtirishga yoʻnaltirilgan dasturiy yechimlar amalga oshirildi. Buyurtmachilar shaxsiy kabinetida tegishli yoʻriqnomaga amal qilib, oson, qiyinchiliksiz davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish uchun arizani yuborishi uchun barcha dasturiy qulayliklar yaratildi.

Shu bilan birga davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi
va asoslanganligini taʼminlash, ekspertiza organlariga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish, ularga uslubiy rahbarlik qilish, ekspertizani oʻtkazish bilan bogʻliq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar kengashini tashkil etish, shuningdek, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning IV toifasiga mansub faoliyat turlarining davlat ekologik ekspertizasini atrof-muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi anketa asosida oʻtkazish choralarini koʻrish, shuningdek, atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha materiallar va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan materiallar va loyihalar sifatini baholash hamda ishlab chiquvchi tashkilotlarning reytingini shakllantirish kabi vazifalar amalga oshirilmoqda.

Yana qanday yangiliklar bor?

Yana bir muhim yangilik shundaki, 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub moʻljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini aholi va jamoatchilik orasida muhokama qilish uchun jamoatchilik eshituvini tashkil etish va oʻtkazish tartibi belgilab berildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiyot tarmoqlarini joylashtirish va rivojlantirish konsepsiyalari, sxemalarining loyihalari, 50 ming nafardan ortiq kishi istiqomat qilishi loyihalashtirilayotgan obyektlar uchun shaharsozlik hujjatlari, hududlarga keyinchalik muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida ularni kompleks oʻrganish materiallari davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida haq belgilanmoqda. (Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi “Davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorda 70 baravari miqdorida edi).

Texnika, texnologiyalar, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlar loyihalari davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida haq belgilanadi (Vazirlar Mahkamasining avvalgi qarorida 30 baravari miqdorida edi).

50 ming va undan kam aholi istiqomat qilishi loyihalashtirilayotgan obyektlar uchun shaharsozlik hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida haq belgilanmoqda (Vazirlar Mahkamasining avvalgi qarorda 20 baravari miqdorida).

Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun 30 kalendar kun mobaynida haq toʻlanmagan taqdirda (avval 90 kalendar kuni), Davlat ekologiya qoʻmitasining ixtisoslashtirilgan ekspert boʻlinmasi davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishga taqdim etilgan materiallarni buyurtmachiga qaytaradi.

Faoliyat turlari boʻyicha ham yangiliklar bor

Davlat ekologik ekspertizasi amalga oshiriladigan faoliyat turlari roʻyxati qayta koʻrib chiqild.Roʻyxatda jami 139 ta faoliyat turi mavjud boʻlgan boʻlsa, endilikda ularning soni 5 taga koʻpayib, jami boʻlib 143 ta faoliyat turi davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkaziladigan boʻldi.

Shu jumladan, I toifali obyektlar boʻyicha mavjud 37 ta faoliyat turi 34 taga oʻzgardi:

Roʻyxatning 5 bandida koʻrsatilgan faoliyat turi (Neft va gaz quduqlarini qazish va jihozlash) 13-bandda koʻrsatilgan faoliyat turiga (Yoqilgʻi resurslarini (neft, gaz, koʻmir va boshqalar) qidirish, razvedka qilish va qazib olish) oʻxshashligi va atrof-muhitga taʼsiri deyarli bir xil boʻlganiligi sababli, tahririy oʻzgartirishlar bilan birlashtirildi.

Chiqindi yoqish va qayta ishlash zavodlari (20-band) hamda Zaharli chiqindixonalarni rekultivatsiya qilish (33-band) faoliyat turlari xavflilik darajasiga koʻra, chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari mos ravishda tabaqalashtirildi va quyi toifalarga taqsimlandi.

II toifali obyektlar boʻyicha mavjud 32 ta faoliyat turi 33 taga oʻzgardi:

Biotexnologiyalardan foydalanuvchi, shu jumladan, pillani qayta ishlovchi korxonalar (8-band) va Inert gazlar ishlab chiqarish (22-band) atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning III toifasiga koʻchirildi.

Shu bilan birga quyidagi faoliyat turlari bilan toʻldirildi:

- Tuman va shahar (Toshkent shahri bundan mustasno) ahamiyatiga ega boʻlgan avtomobil yoʻllari va koʻpriklar;

- Biologik, radioaktiv va yonuvchi-portlovchi moddalar bilan ishlovchi markaziy laboratoriyalar (laboratoriya faoliyatida foydalaniladigan jihoz va uskunalar bundan mustasno);

-Geofizik va geologik tadqiqotlarni seysmik va elektr razvedka qilish ishlari.

III toifali obyektlar boʻyicha mavjud 58 ta faoliyat turi 61 taga oʻzgardi:

Shu bilan birga quyidagi faoliyat turlari bilan toʻldirildi:

- Kimyoviy moddalar bilan mahsulotlarni oʻrganish markaziy laboratoriyalar.

- Ovchilik va baliqchilik xoʻjaliklari.

- Yovvoyi hayvonlarni yangi iqlimga moslashtirish va duragaylash faoliyati.

- Inert gazlar ishlab chiqarish korxonalari (shu jumladan, sexlari).

Quyi toifaga oʻzgartirilgan va tegishli tahririy oʻzgartirish kiritilgan faoliyat turlari:

- Noruda foydali qazilmalarni qayta ishlash (foydali qazilma konlari bundan mustasno) korxonalari;

- Koʻmir va koʻmir briketlarini ishlab chiqarish korxonalari va saqlash omborlari.

IV toifali obyektlar boʻyicha mavjud 12 ta faoliyat turi 15 taga oʻzgardi
va quyidagi faoliyat turlari bilan toʻldirildi:

- 50 tonnadan kam sigʻimli sovutgich qurilmalariga ega omborxonalar, ozon qatlamini buzuvchi va issiqxona gazlarini hosil qiluvchi moddalarni toʻldirish ustaxonalari;

- Optik tolali va boshqa kabellarni oʻtkazish, mobil aloqa uchun yelkanli antennalarni oʻrnatish ishlari;

- 50 tadan kam savdo oʻrniga ega boʻlgan bozorlar va savdo markazlari.

Shu bilan birga, “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasi talablariga rioya etish hamda yuridik va jismoniy shaxslarning huquqiy muhofaza etish maqsadida “Ushbu roʻyxatga kiritilmagan faoliyat turlari davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkaziladi, bunda mazkur faoliyat turining qaysi toifaga mansubligi Davlat ekologiya qoʻmitasi huzuridagi ekspertlar kengashi tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida yoki joyiga chiqib oʻrganish natijasida aniqlanadi» degan band kiritildi.

Yangi muddatlar ham aniq belgilandi

Buyurtmachi tomonidan qayta ishlab chiqilgan atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini koʻrib chiqish muddatlarida ham yangiliklar bor. Endilikda qayta ishlab chiqib taqdim etilgan hujjatlar – atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I toifa faoliyat turi uchun 10 kun, II toifa obyektlar 7 kun, III toifa obyektlar 5 kun va IV toifali obyektlar uchun 3 kun muddatda koʻrib chiqilishi belgilandi.

Shu bilan birga yangi norma sifatida loyihadagi kamchiliklarni bartaraf etib, tegishli hujjatlarni elektron shaklda toʻlovsiz qayta taqdim etish muddati 60 kun etib belgilandi. 60 kun muddatdan kechiktirib taqdim etiladigan loyiha hujjatlarini ekologik ekspertizadan oʻtkazish uchun buyurtmachilar tomonidan shartnoma asosida toʻlovlarni amalga oshirishlari lozim boʻladi.

Umuman olganda, ushbu hujjat ijrosidan kelib chiqib Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan endilikda atrof muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish, davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishda Internet jahon axborot tarmogʻi imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha keng koʻlamdagi ishlar amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosidan kelib chiqqan holda hayotga tatbiq etilayotgan mazkur hujjat atrof muhitga taʼsirni baholash yuzasidan davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga doir muhim qarorlarni qabul qilishda shaffoflikni taʼminlash uchun jamoatchilikni keng jalb qilish kabi maqsadlarni koʻzlagani bilan ahamiyatlidir.

Doston SAʼDULLAYEV,

“Davlat ekologik ekspertizasi markazi” yetakchi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер