Ekoinspektorlar vakolati oshirildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi oʻqishda muhokama qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qabul qilingach, ekologik huquqbuzarlik uchun jazo muqarrarligi yana-da kuchayadi.
Binobarin, loyihada Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga davlat ekologik nazoratini amalga oshirish hamda tekshirish oʻtkazishga toʻsqinlik qilganlik, shuningdek, jismoniy yoki yuridik shaxslarning ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarmaganligi uchun javobgarlik belgilash yuzasidan yangi modda kiritilib, Davlat ekologiya qoʻmitasi davlat inspektorlariga qoʻshimcha vakolatlar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Prezidentimizning “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Kodeksga ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha tuman (shahar) inspeksiyalarining davlat inspektorlari tomonidan ham maʼmuriy javobgarlik ishlarini yuritish bilan bogʻliq qoʻshimcha kiritilmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalarda, keng jamoatchilik oʻrtasida qizgʻin muhokama qilingani, ayrim takliflar inobatga olingani qayd etildi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi endilikda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlarining tuman va shahar inspeksiyalarining davlat inspektorlari bevosita Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi nomidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va jarima solish tariqasida maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash huquqiga ega boʻladi.
Bu esa tabiatga zarar yetkazish mumkin boʻlgan shaxslarning javobgarligini kuchaytirish evaziga maʼmuriy huquqbuzarliklarning miqdor jihatdan kamayishiga olib keladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring