YEXHT tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlik masalasida mintaqadagi barcha davlatlarni Oʻzbekiston izidan borishga chaqirdi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakilligi ofisining rasmiy saytida joriy yilning 5-6-mart kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti natijalari boʻyicha press-reliz eʼlon qilindi, deb yozadi Xushnudbek.uz telegramm kanali.
Qayd etilishicha, ushbu chiqishda YEXHTning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili Arlem Dezir mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.
Xususan, A.Dezir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni bekor qilish boʻyicha yangi qonunni qabul qilishini, shuningdek blogerlarga jurnalistlarga beriladigan huquqlar berilishini olqishlagan. U ushbu masalada mintaqadagi boshqa davlatlarni ham Oʻzbekistondan namuna olishga chaqirgan.
Qolaversa, YEXHTning maxsus vakili A.Dezir Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashiga Samarqandda Markaziy Osiyo sudyalarining muloqotiga keng maydon yaratib bergani uchun minnatdorlik bildirgan.
“P.S.: YEXHTning ushbu bayonoti Oʻzbekistonning soʻz erkinligi borasidagi faoliyatiga yuksak baho hisoblanadi, boshqa davlatlarni ham oʻrnak olishga chaqirish holati kamdan-kam boʻladi” deya qoʻshimcha qiladi mazkur telegramm kanal.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring