YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun Oʻzbekistonga keldi

16:46 17 May 2023 Siyosat
522 0

Joriy yil 9-iyul kuni mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan 17-may kuni YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Missiya vakillari YEXHT DIIHB Saylov departamenti rahbari Megan Fisdjerald hamda saylovlar boʻyicha maslahatchisi Kseniya Dashutsina Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Missiya vakillariga muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan milliy saylov qonunchiligi va tasdiqlangan Kalendar reja asosida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, muloqot davomida DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining Oʻzbekistonda oʻtkazilgan saylovlar natijalari boʻyicha yakuniy xulosalarida keltirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida, shu jumladan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

YEXHT DIIHB metodologiyasi boʻyicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi vakillari yurtimizda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi hamda boʻlajak saylovlarning umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada oʻtishiga ishonch bildirdi.

Tashrif doirasida Missiya vakillari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер