Ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugun oliygohda oʻqiyotgan qizlarning soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. Oʻtgan yili 60 nafar qizimiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga oʻqishga kirgan.
Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, yaʼni 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham eʼtiborlidir.
Prezidentimiz Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva, navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlari, bir qator xalqaro startap tanlovlari gʻolibi buvaydalik Dilafruz Joʻraboyevaning nufuzli “Microsoft” kompaniyasining Oʻzbekistondagi elchisi sifatida tan olinganini alohida eʼtirof etdi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi.
Top 300 talikdagi oliygohlar bilan qoʻshma taʼlim asosida magistratura bosqichida taʼlim olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan toʻlab beriladi.
Endilikda har yili xotin-qizlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun kamida 10 ta yoʻnalish boʻyicha startap tanlovlari oʻtkaziladi. Bunda har bir yoʻnalish gʻolibiga Innovatsiya jamgʻarmasidan 500 million soʻmgacha grant beriladi.
Maktabning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga oʻqitish toʻliq davlat granti asosida boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring