Ehtiromga mehnat bilan, izlanish bilan erishiladi

16:41 31 Yanvar 2022 Jamiyat
615 0

Foto: Халқ сўзи

Men maktabda dars berishni boshlaganimda 19 yoshda, pedagogika institutining 3-bosqichida (sirtqi) oʻqirdim.

Mana, oradan qariyb oʻttiz yil oʻtibdi. Nasib etsa, yana besh yildan soʻng nafaqaga yoshiga yetishimni inobatga olsak, bu muddat bir avlod mehnat faoliyatiga teng davr. Taʼlim tomonidan qarasak, mening faoliyatimdan oʻttiz-oʻttiz besh avlod saboq oldi degani. Albatta, har birining yutugʻidan ulushimiz bor deb, quvonsak, tashvishidan kuyinamiz.

Sirtdan oʻqiganlar yaxshi bilishadi, oliy taʼlimning sirtqi koʻrinishi har qanday mutaxassislikka daʼvogardan oʻz ustida koʻproq ishlashni talab etadi. Qulay tomoni esa nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlanib, maktabga, bolalar va pedagoglar muhitiga yaqinlashish osonroq kechadi. Shu maʼnoda mamlakatimiz rahbarining maktab taʼlimini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliygohlarning fakultetlarini doimiy tarzda maktablarga biriktirish, 1-kursdanoq ushbu fakultetlardagi darslarning 4 kuni oliygohda, 2 kuni bevosita maktablarda oʻqitish boʻyicha ilgari surgan tashabbuslari soha islohotlarida oʻta muhim qadam boʻlishiga ishonchim komil.

Mamlakatimiz rahbari yigʻilishda fidoyi, oʻzining oʻqitish uslubi, mahorat maktabiga, xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega oʻqituvchilar har bir tumanda borligini taʼkidlab, nomma-nom tilga olarkan, ular qatorida ekanligim, albatta, koʻnglimni togʻdek koʻtardi.

Maktabda biologiya fanidan dars beraman. Ushbu fanga qiziquvchi oʻquvchilarni aniqlab, ularning yordamida tengdoshlarining ham qiziqishini orttiraman. Toʻgʻri, oʻquvchilarimning hammasi ham kelgusida biologiya yoʻnalishini tanlamas, lekin bu fan ularga hayotida nima uchun asqatishini tushuntiraman.

Bugun davlat umumtaʼlimni rivojlantirish sohasida oʻz zimmasidagi majburiyatlarini izchillik bilan, taʼbir joiz boʻlsa, ortigʻi bilan ado etmoqda. Biz, yaʼni tobora oʻzini “qushdek yengil” his etayotgan oʻqituvchilar ham kiyinishimizdan tortib muomala, oilamizdagi muhitgacha bu ulugʻ nomga zarracha dogʻ tushirmaydigan darajada boʻlmogʻimiz lozim. Shuningdek, saviyamiz, bilim daraja va dunyoqarashimiz, atrofdagi voqealarga munosabatimiz, dars oʻtish uslublarimiz zamon bilan hamqadam boʻlibgina qolmay, kreativ yondashishlarni talab etib, pirovard natijada esa obroʻ-eʼtiborimizni taʼminlaydi. Shundagina ehtirom bilan tilga olinamiz.

Shohida YOʻLDOSHEVA,

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi

22-maktabning biologiya fani oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер