Egey dengizi sohilidagi marvarid — Fotoreportaj

20:36 14 Iyun 2023 Dunyo
865 0

Fethiye Turkiyaning Egey dengizi sohilidagi marvariddir. Toʻgʻridan-toʻgʻri qoyalarga oʻyilgan hayratlanarli antik manzaralarga ega ulkan Likiya togʻlari, moviy shaffof dengizi, deyarli yil davomida iliq va moʻtadil ob-havosi, soʻlim tabiati – apelsin, anor, limon, qaragʻay daraxtlari, qumli sohillari — bularning barchasi Fethiyega turk kurortlari orasida butun dunyodan kelgan sayyohlarning eʼtiborini qozonishga imkon beradi.

Fethiye Dalaman aeroportidan 60 km. Antaliya aeroportidan 300 km. uzoqlikda joylashgan.

Oʻludeniz Fethiyening mashhur kurortlaridan boʻlib, u yerda goʻzal tabiat qoʻynidagi qumli sohillarda maroqli dam olishingiz kafolatlanadi. Goʻjek — yaxtachilikning poytaxti hamda Likiya togʻlari orasida paraplanda uchishingiz mumkin boʻlgan Fethiyedagi ajoyib maskandir.

Fethiyedagi sohillar, odatda, oq qum va toshlardan iborat boʻlib, noyob toshbaqalar tuxum qoʻyish uchun keladigan uzun qumli sohil piyoda yurish uchun ayni muddao. Shuningdek, shaffof zilol suvda suzish uchun Agia Nikola oroliga tashrif buyurishingiz mumkin.

Fethiye yaqinida diqqatga sazovor joylar yetarlicha koʻp. Ularning aksariyati zilzilalar natijasida vayron boʻlgan, ammo baʼzi qadimiy binolar saqlanib qolgan. Misol tariqasida, Rim teatri qoldiqlari yoki 600-yillik tarixga ega ritsar qalʼasi xarobalari bilan tanishishingiz va Mendos qoyasiga oʻyilgan Likiya qabrlarini ziyorat qilishingiz mumkin. Ulardan eng qadimiy va eng kattasi — Amintas qabridir.

Siz yaxta ijaraga olib, Goʻjekdagi 12 orolga sayohatga chiqishingiz va Fethiyedagi Babadagʻ qoyasidan sakrashingiz mumkin. Sportga qiziqmaydiganlar uchun esa, Kaya Kay shaharchasiga ekskursiya qilishni, qaragʻayzorlar oralab sayr qilishni, soʻng esa, Kapalaklar vodiysiga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер