Egasi ming poylasin - oʻgʻri bir poylasin...

16:48 20 Oktyabr 2021 Jamiyat
636 0

Zarafshonlik Mariya Ivanovna (ism-shariflar oʻzgartirilgan) nafaqaga chiqqach, Rossiyada yashayotgan farzandlari yoniga koʻchib ketishni ixtiyor etdi. Shu sababli shahardagi uyini sotuvga qoʻygan edi, xaridor ham tezda topila qoldi.

Uy Aziz Arslonovga 22 ming AQSH dollariga sotildi. Oldi-sotdi, uyni rasmiylashtirish, pulni Mariya Ivanovnaning Rossiyadagi farzandlariga joʻnatish kabi tashvishlarda baraka topgur Azizning oʻzi yordam qildi. Kamiga “Mariya Ivanovna, oʻzim sizni aeroportgacha kuzatib qoʻyaman”, dedi.

Aziz vaʼdasida turdi, biroq odamning qalbida nima borligini bilib boʻlmas ekan. Yoʻlda u hiyla ishlatib, mashinasi buzilib qolgani bahonasida Mariya Ivanovnadan telefon chirogʻini tutib turishini soʻraydi. Onaxon chiroq tutib turgan paytda esa mashina salonidan uskunalar olgan kishi boʻlib, uning sumkasidan 3 ming 140 AQSH dollarini oʻmaradi.

Mariya Ivanovna aeroportda tekshiruvdan oʻtayotgan chogʻi pullari yoʻqolganligi anglaydi. Shu zahoti xizmatdagi IIB TXTB xodimlariga xabar beradi. Ularning tezkor saʼy-harakati natijasida hali uzoqqa ketib ulgurmagan Aziz Arslonov ham qoʻlga olinadi.

Oramizda oʻzgalarga hamisha yaxshilikni sogʻinadigan insonlar bor, biroq buning aksi oʻlaroq oʻgʻrilik, firibgarlik, tovlamachilik ortidan kun koʻruvchilar ham yoʻq emaski, bugun odamlarga ishonish barobarida hushyor munosabatda boʻlishimiz zarar qilmaydi.

T. ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер