Echki suti inson salomatligi uchun gʻoyatda foydali
Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti talabasi Hushnoza Mamadiyorova “Echki sutidagi oqsillarni biokimyoviy aniqlash usullari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Uning echki suti tarkibini oʻrganish va undan yangi turdagi preparatlar olish borasidagi tadqiqotlari ilmiy jamoatchilikning eʼtibor markazida boʻlib kelayotir.
Tadqiqotchi H. Mamadiyorova echki sutining inson salomatligiga foydali jihatlari haqida quyidagilarni soʻzlab berdi:
— Jahon boʻyicha ishlab chiqariladigan sutning atigi 2,6 foizi echki sutiga toʻgʻri keladi, — deydi Hushnoza Mamadiyorova. — Bu borada isteʼmol koʻrsatkichlari eng yuqori sut turi bu sigir sutidir. Biroq, echki suti sigir sutiga nisbatan birmuncha foydali. Mahsulotning biokimyoviy xususiyatlarini oʻrganish orqali echki suti tarkibida foydali va noyob minerallar koʻpligi, bu esa inson salomatligi uchun nihoyatda foydali ekanligini ilmiy tahlil qilishga harakat qildim.
Yaponiya, Shvetsariya, Gretsiya kabi mamlakatlarida echki suti koʻp isteʼmol qilinadi. Bu davlatlardagi umumiy sut mahsulotlarining 60-70 foizi echki sutiga toʻgʻri keladi. Bizda aholi isteʼmolida sigir suti keng foydalaniladi. Ammo echki sutining sigir sutiga nisbatan shifobaxshlik xususiyati yuqori.
Echki sutining foydali xususiyatlari qadimgi davrlardayoq insonlarga tanish boʻlgan. Ibn Sino uni yangi tugʻilgan chaqaloqlar, homilador va emizikli ayollarga ham tavsiya qilgan. Allomaning fikricha, echki suti ichni yumshatuvchi, tomoqdagi yaralarni davolaydi, yoʻtal, bosh ogʻrigʻi, meʼda xastaliklarida foydali hisoblanadi.
Jahon olimlarining fikricha, echki suti kimyoviy tarkibiga koʻra ona sutiga yaqin turadi. Tarkibi kalsiy, magniy, temir, marganes, kaliy kabi qimmatli moddalarga boy. Raxit, jigar kasalliklari, oʻpka sili, allergiya kasalliklarini davolashda echki sutidan foydalanilsa, yaxshi samara beradi.
Echki sutida ishqorlilik xususiyati yuqori boʻlganligi uchun oshqozoni ortiqcha kislota ajratadigan bemorlarga yaxshi davodir. Ushbu mahsulot tarkibida bakteriyalarni yoʻq qiladigan, ichak va oshqozon shilliq qavatining yalligʻlanishini ketkazadigan, shuningdek, mayda yaralarni samarali davolaydigan lizozim fermenti mavjud.
Ekzema, qichima, astma va turli allergik kasalliklarda echki suti ichish foydali. Qandli diabetga chalingan bemorlarga koʻpincha echki suti ichish buyuriladi. Sababi, uning tarkibida glyukoza yoʻq, kaloriya miqdori past. Echki sutidan xalq tabobatida boʻgʻinlar ogʻrigʻini qoldirishda, oʻt xaltasidagi toshlarni tushirishda, uyquni mustahkamlash, stress, depressiya va nevrozning oldini olishda qoʻllaniladi. Asab tizimi bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan bemorlarga koʻproq echki suti ichish tavsiya qilinadi.
Echki sutini faqat pishirib isteʼmol qilish zarur. Undan xushtaʼm qatiq, suzma, qurut tayyorlash mumkin. Shuningdek, suzma zardobi gepatit kasalligining oldini olishda foydali. Shakar bilan ichilsa, yuz terisini tiniqlashtiradi. Sut tarkibida D vitamini va kalsiy koʻp uchraydi, shuning uchun uni muntazam isteʼmol qilish orqali suyak sinishi xavfini sezilarli darajada kamaytirish, raxit va uning jiddiy oqibatlarining oldini olish mumkin.
Echki suti sportchilar uchun ham juda foydalidir. U uzoq davom etgan jismoniy mashqlar natijasida shikastlangan mushak toʻqimalari tiklanishiga yordam beradi. Agar echki suti sholgʻom sharbati va yongʻoq bilan birgalikda ichilsa kashandalik sababli kelib chiqqan kuchli yoʻtalda samarali foyda beradi.
Taʼkidlash joizki, echki suti tabiatning insonga taqdim etgan noyob inʼomidir. Unda inson organizmidagi jamiki kasalliklarning oldini olish va davolashda foydalanish mumkin. Shunday ekan, kunlik oziq-ovqat ratsioningizga echki sutini qoʻshishi orqali oʻz sogʻlom hayotingiz mezonlarini yana bir mahsulot bilan boyitishingiz mumkin.
SamDU axborot xizmati xodimi Iroda Bekmurodova yozib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring