Dunyoga gul tutar bugun Namangan

17:54 20 May 2024 Jamiyat
477 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Har bahorning may oyiga kelib namanganliklar anʼanaviy gullar festivalini oʻzgacha zavq-shavq bilan nishonlaydi. Bu yil oltmish uchinchi bor nishonlanayotgan ushbu anjuman Namangan shahrining istirohat bogʻlari, koʻcha va xiyobonlariga oʻtqazilgan 45 million tupdan ziyod turfa gul koʻchatlaridan orolangan holda goʻzallik shaydolariga yana bagʻrini ochdi.

19-may kuni tongdanoq festivalning asosiy manzili — Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻining markaziy darvozasi oldidagi maydon anjuman ochilishini ishtiyoq bilan kutayotgan yuz minglab goʻzallik shaydolari bilan liq toʻldi. Festivalga odatdagidek gullardan naqshinkor tus olgan 200 dan ziyod avtomashinalar karvoni bilan start berildi. Ular orasida retro avtoulovlardan tortib mamlakatimizda ishlab chiqarilgan eng soʻnggi rusumdagi avtomobillar, qishloq xoʻjaligi sohasi va boshqa ixtisoslashtirilgan transport vositalarini koʻrish mumkin.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyat ahli va mehmonlarni qizgʻin qutlar ekan, yildan yilga tarovat kasb etayotgan gul bayrami Namanganning oʻziga xos brendiga aylanganligini eʼtirof etdi. Shuning barobarida, gullar orqali insonlarning bir-biriga boʻlgan mehr-muhabbatini, oqibatini mustahkamlash, yoshlarning goʻzallikka, yaratuvchanlikka, kasb-hunarga boʻlgan ishtiyoqi, taʼlim-tarbiyasini oshirish asosiy vazifa ekanligini taʼkidladi.

Shundan soʻng bayram ishtirokchilari festivalning asosiy manzili — Bobur nomidagi bogʻda havaskor gulchilar va mehnat jamoalari bogʻbonlari tomonidan yaratilgan yuzdan ziyod tematik koʻrgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Ularning har biri oʻziga xos mavzu, oʻziga xos mazmunga ega — shahar yoki tuman, alohida bir muassasaning faoliyat yoʻnalishi tabiat neʼmatlari yordamida mohirona shakllantirilgan. Bogʻning kiraverish qismida dunyoning “yetti moʻjizasi” koʻrinishi, ayniqsa, eʼtiborni tortadi. Hindistonda boburiylar tomonidan qurdirilgan Tojmahal maqbarasi, Misr piramidalari, Parijdagi Eyfel minorasi va boshqa inshootlarning kichik nusxalarini tomosha qilar ekansiz, oʻzingizni ayni tarixiy manzillarga borib qolganday his etasiz.

Bobur nomidagi istirohat bogʻidan mahalliy gulchilar qatori xorijiy ishtirokchilarga ham oʻrin ajratilgani bu yilgi festivalning oʻziga xos jihatlaridan. Aytish mumkinki, Qirgʻiziston, Koreya, Ozarbayjon, Xitoy, Hindiston vakillari bezatgan maydonchalardagi manzaralar doʻst davlatlar xalqlarining milliy anʼanalari, ona tabiatga boʻlgan mehr-muhabbatidan dalolat beradi.

Gullar festivaliga tashrif buyuruvchilar qamrovi yildan yilga ortayotir. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ilk kundanoq bu koʻrsatkich 700 mingdan koʻproqni tashkil etgan. Ularning 40 mingga yaqini xorijiy sayyohlardir.

— Ushbu festivalni Qirgʻizistonda ham yaxshi bilishadi, — deydi Oʻsh shahridagi “Tvmedia” sayti muxbiri Nargiza Anorboy qizi. — Bu yerga onam va turmush oʻrtogʻim bilan keldik. Shaharning goʻzal manzaralari, jozibador bogʻ va xiyobonlar koʻzni quvontiradi. Tabiatan gullarni xush koʻruvchi onam bu yerda gulchilar tajribasi bilan yaqindan tanishgan boʻlsa, oʻzim televideniye va saytimiz uchun maʼlumot va tasvirlar oldim.

Festival mehmonlarining koʻpchiligi bu yerga nafaqat bayram tomoshalaridan bahramand boʻlish, balki noyob gullardan xarid qilish maqsadida ham tashrif buyurgan. Ushbu maqsadda tashkil qilingan bozorchada yuzdan koʻproq gulchilar oʻz rastalarini tashkil etgan.

— Har yili oʻtkaziladigan bu festivalni biz ham orziqib kutamiz, — deydi Andijonning Shahrixon tumanidan kelgan Husniddin Xolmatov. — Chunki, xonadonimizdagi 2,5 sotix issiqxonada parvarishlayotgan yuzdan ortiq turdagi gul koʻchatlarining katta qismini bayram kunlari sotuvga chiqaramiz. Ular orasida xorijdan olib kelinib, mahalliylashtirilgan noyob navlar ham anchagina. Masalan, keyingi paytda Xitoyning “Aukariya”, “Drassena” singari gullarini iqlimimizga moslashtirdik. Oʻziga xos ifori bor bu gul yil boʻyi yashnab turishi bilan ajralib turadi. Gulchilikdan topayotgan daromadimiz ham chakki emas — yiliga 200 million soʻmdan koʻproqni tashkil qiladi.

Xalqaro gullar festivalining bu galgi mavsumi qirq kun davom etadi. Kecha “Ipak yoʻli boʻylab turizm tarmoqlarini yaratish” mavzuidagi ilk xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda bugungi kunda Namanganda sayyohlik obyektlari soni 139 taga yetib, keyingi olti yilda uch barobar oʻsgani alohida qayd etildi. Oldinda gullar, hunarmandlar, modalar koʻrgazmasi, turli tanlovlar, qadimiy oʻyinlardan tortib, taniqli estrada xonandalarining chiqishlarigacha boʻlgan koʻngilochar dasturlar turibdi.

Ishonamizki, gullar festivali anjumanga kelgan har bir kishiga shukuhli lahzalarni taqdim etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер