Dunyodagi eng so‘lim orollardan biriga kirish taqiqlanadi
Filippin hukumati o‘z mamlakatidagi eng mashhur turistik orollardan biri bo‘lgan Borakayga kirishni yarim yilga taqiqlab qo‘yadi. Shu bo‘yicha qaror 26 apreldan kuchga kiradi.
Umumiy maydoni 10 kvadrat kilometrga teng, o‘zining oppoq qumli plyajlari bilan dunyoga tanilgan mazkur maskanga o‘tgan yilda qariyb 2 million sayyoh tashrif buyurgan.
Turistlarning haddan tashqari oqimi ko‘pligidan bu yer kuchli ifloslangan. Bu esa atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ammo yuqoridagi qaror Borakayda turizm industriyasi sohasida ishlaydiganlarning katta noroziligiga sabab bo‘layapti. Gap shundaki, ushbu hududda sayyohlik tarmog‘ida faoliyat yuritadigan 500dan ziyod kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ular 2017 yilda umumiy hisoblaganda 1 milliard AQSh dollaridan ortiq daromad ko‘rgan.
Filippin hukumati taqiqdan aziyat chekadigan firmalarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga va’da berdi.
Hozircha qaysi yo‘l bilan orolga sayyohlar qo‘yilmasligi haqida ma’lum qilinmagan. Ilgari ushbu mamlakat sanoat va savdo vazirligi orolni to‘liq emas, balki qisman yopishni taklif etib, aks holda bu biznes va mahalliy xalq daromadiga putur yetkazishini aytib o‘tgandi.
Oldinroq Tailanddagi Mayya-Bey ko‘rfazi ham sayyohlarni qabul qilishni to‘xtatgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad ushbu makonga xos noyob tabiatni saqlab qolishdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring