Dunyoda koronavirus. Yevropa va okean ortida nima gaplar? — Soʻnggi yangiliklar
— Jon Xopkins universiteti bergan maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻyicha koronavirusga chalinganlar soni 1,94 mln. nafardan oshdi, 123 ming bemor vafot etgan, 465 ming inson sogʻaygan.
Yevropada:
— Italiyada oy davomida ilk bor bir kunda koronavirus bilan kasallanganlar soni 3 ming nafarga yetmadi. Umuman olganda, mamlakatda 162 ming kishi virusni yuqtirgan boʻlsa, 21 ming odam vafot etdi.
— Daniya asta-sekinlik bilan odatiy hayot rejimiga qaytmoqda. Hukumat muddatidan oldin cheklov choralarini bekor qilmoqchi.
— Ispaniyada qurbonlar soni 18 ming nafardan oshdi, hammasi boʻlib 172 ming odam virusga chalingan.
— Buyuk Britaniyada COVID-19dan halok boʻlganlar soni 12 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda. Daily Mail nashriga koʻra, mamlakatdagi shifokorlarning uchdan bir qismi virusni yuqtirib olgan.
— Fransiya moliya vazirligi maʼlumotiga qaraganda, mamlakat iqtisodiyotida 8 foizlik tushish kutilyapti, u yerda qariyb 138 ming kishi infeksiyaga chalingan, deyarli 15 ming bemor dunyodan koʻz yumgan.
AQSH va Kanadada:
— Nyu-York meri sunʼiy nafas oldirish apparatiga ulangan bemorlar soni koʻpayganini maʼlum qildi. Ayni chogʻda ikki kun davomida koronavirusga chalinish bilan bogʻliq yangi holatlarning kunlik oʻsishi kamaygan.
— Nyu-York shtatida koronavirus tarqalishi oʻzining choʻqqisiga chiqdi. Biroq COVID-19 bilan ogʻrigan bemorlarni shifoxonaga yotqizish boʻyicha uch kunlik oʻrtacha koʻrsatkich pasaygan.
— AQSHda hammasi boʻlib infeksiyaga chalinganlar soni 584 mingdan oshib ketdi.
— Kanadada bir kunda bemorlar soni 1315 nafarga koʻpayib, jami 25 680 nafarga yetdi.
Boshqa davlatlarda:
— Gruziyada favqulodda holat rejimi 10-mayga qadar uzaytirildi.
— Eronda bir oyda ilk bor bir kunda 100 nafardan kam inson dunyoda koʻz yumdi.
— Hindiston yaqin kunlar ichida cheklov qoidalarini yumshatishni boshlamoqchi.
— Qariyb 6 mln. kanadalik hukumatdan moliyaviy yordam olish uchun ariza berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring