Dunyoda chivinlar orqali yuquvchi bezgak turlari koʻpaymoqda — JSST

16:34 06 Aprel 2023 Dunyo
947 0

Denge va chikungunya bezgaklari — virusli infeksiyalar turiga mansub. Asosan tropik va subtropik mintaqalarda uchraydi. Ularni tashuvchi vositalar chivinlar hisoblanadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari keyingi yillarda ushbu xastaliklarga chalinish koʻrsatkichi sezilarli darajada oshib borayotganidan xavotirda.

Ularning qayd etishicha, viruslar keng tarqalishiga global isish va yogʻingarchiliklar miqdori ortishi sabab boʻlmoqda. Bunday muhitda chivinlar yanada tezroq koʻpayadi. Qolaversa, iqlim oʻzgarishlari tufayli virus tashuvchi hasharotlar boshqa mintaqalarga uchib borishi kuzatilyapti.

JSST tahliliga koʻra, dunyo boʻyicha denge bezgagiga chalinish holati keyingi 19 yilda oʻn barobar, yaʼni 505 mingtadan 5,2 milliontaga koʻpaygan.

Xususan, oʻtgan yili birgina Lotin Amerikasida bu virusni yuqtirgan 2,8 million bemordan 1280 nafari hayotdan koʻz yumgani achinarli. Oʻsish tendensiyasi 2023 yilda ham davom etmoqda.

Bu borada Boliviya, Paragvay va Peruda vaziyat ancha tashvishlanarli. Qolaversa, 2010-yildan beri Yevropa mintaqasida denge bezgagi bilan kasallanish holatlari qayd qilinyapti. Osiyoda ham shunday tendensiya mavjud.

Sudanda esa oʻtgan yil iyul oyidan beri 8239 bemor kasallikka chalinib, ulardan 45 nafari vafot etdi.

Shuningdek, hozir Paragvay, Argentina va Boliviyada chikungunya bezgagi epidemiya darajasiga chiqqan. Braziliyada ham vaziyat yaxshi emas.

Ushbu kasallikdan ogʻir asoratlar va oʻlim holatlari kam uchraydi. Xastalik tufayli hayotdan koʻz yumayotganlarning qariyb 70 foizi qandli diabet, gipertoniyaga chalingan va immuniteti zaif 60 yoshdan oshgan aholi qatlamidir.

20 foiz oʻlim holatlari esa infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlar tugʻilishi chogʻida sodir boʻlyapti.

JSST bunday viruslarga qarshi eng toʻgʻri chora chivinlar chaqishidan himoyalanish, deb hisoblaydi. Bunda tanani toʻliq berkituvchi ochiq rangli uzun kiyimlar, hasharotlarga qarshi toʻrlar, kremlar va va boshqa vositalar tavsiya qilinadi.

Oʻz navbatida, olimlar ushbu infeksiyalarga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish harakatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер