Dubay xalqaro moliya markazi bosh direktori bilan hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC) bosh direktori Arif Amiri va “DIFC” innovatsion markazi direktori Muhammad Alblushi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“DIFC” Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyo (MEASA) mintaqasidagi yetakchi global moliyaviy markaz hisoblanadi. Tashkilot MEASA mintaqasida savdo va investitsiya oqimini rivojlantirish boʻyicha qariyb 20-yillik tajribaga ega.
Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad – “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish boʻyicha strategik chora-tadbirlarni muhokama qilishdan iborat edi. Ushbu markaz IT Park hududida raqamli texnologiyalar sohasida mahsulotlar yaratish uchun qulay sharoitlarga ega maxsus zona hisoblanadi.
“Enterprise Uzbekistan” markazi texnologik kompaniyalar uchun noyob muhitni, jumladan, innovatsion loyihalar uchun “tartibga solish qumdoni”, intellektual mulk, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, shuningdek, keng qamrovli davlat va bank xizmatlarini taklif etishi mumkin.
Bundan tashqari, markaz mehnat, bojxona va soliq qonunchiligi masalalarida, shuningdek, tijorat va fuqarolik nizolarini hal qilishda muhim yordam koʻrsatib, raqamli texnologiyalar va autsorsingni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratadi.
“DIFC” vakillari bu borada amalga oshirilgan ishlar va Oʻzbekistonning yangi IT-autsorsing markaziga aylanish istagini yuqori baholadilar.
Uchrashuv yakunida IT Park va “DIFC” oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Tajriba almashish, shuningdek, “DIFC”ga aʼzo kompaniyalarni respublika orqali global biznes yuritish uchun Oʻzbekistonda vakolatxonalar ochishga taklif qilish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring