Dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash tizimi kengaymoqda
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbari 2024-yil 31-oktyabrdagi “Navoiy Davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori uzoq yillar Navoiy davlat pedagogika instituti maqomida faoliyat olib borgan oliy taʼlim muassasasi hayotida yangi davrni boshlab berdi.
Mazkur qaror asosida bugungi kunda ilm dargohining yangi zamonaviy kampusi qurilishi amalga oshirilib, xalqaro standart talabalariga mos oʻquv binolari, talabalar turar joylari, sayilgohlar, sport komplekslari, kutubxona va boshqa inshootlar bunyod etilmoqda. Respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan universitet huzurida filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi “Oʻzbek tili” ixtisosligi boʻyicha Ilmiy Kengash ochilishiga ruxsat berildi.
Malakali kadrlar tayyorlash, talabalarning amaliyot jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini yaratish, dual taʼlim tizimini amalga oshirish hamda oʻzaro tajriba almashish yoʻlga qoʻyilmoqda. Universitet va “Zarashon Golden Group” kompaniyasi oʻrtasidagi memorandum shulardan biri boʻlib, u bir qator samaralarni taqdim etadi.
— Prezidentimiz dual taʼlim tizimiga oʻtish vazifasini ilgari surib, barcha oliy taʼlim muassasalari oldiga “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyishini taʼkidlagandi, — deydi universitet rektori Muhiddin Kalonov. — Bu yondashuv nafaqat yosh avlodning professional malakasini oshirish, balki ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ham taʼminlaydi.
Shuningdek, talabalarni zaxira kadrlar sifatida tayyorlab, kelgusida korxonaga ishga joylashtirish, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish sohalarida mavjud muammolarga universitet bilan birgalikda ilmiy yondashuv asosida yechimlar topish imkonini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring